Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Test sinovlari qay darajada soddalashtiriladi?

2020 yildan kirish imtihonlari jami 5 ta – uchta majburiy va ikkita mutaxassislik fani bo‘yicha o‘tkazilishi belgilangan edi. Lekin karantin sharoiti yoshlarning imtihonga to‘la tayyorgarlik ko‘rish imkoniyatini ham chekladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan 30 aprel kuni joriy o‘quv yilini sifatli yakunlash, bitiruv va kirish imtihonlarini tashkil etish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishida joriy yilda imtihonlarni soddaroq shaklda o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berilgan edi.

Bugungi pandemiya sharoitida bu yilgi OTMlarga kirish test sinovlaridagi fanlarni qisqartirish, test topshiriqlarini soddalashtirish bo‘yicha qator yangiliklar kiritilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, test topshiriqlarini soddalashtirish deganda bakalavriat qabul imtihonlarida faqat sodda testlardan foydalaniladi, deb tushunmaslik kerak.

Umumta’lim fanlaridan test topshiriqlari 3 ta qiyinlik darajasida shakllantiriladi. Bunda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlar ishlanishi, bajarilishi oson bo‘lgan test topshiriqlari hisoblanadi. Avvalgi yillarda o‘tkazilgan test sinovlarida fanlardan 6 tagacha birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari berilar edi. Joriy yilda esa har bir variantda qo‘llaniladigan birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni o‘rtacha 10 tagacha yetkazilmoqda.

Abituriyentlar test topshiriqlarini mantiqiy fikrlab, tezda tushunishlari uchun joriy yilda tarix, geografiya fanlari kabi chet tili (ingliz, nemis, fransuz) fanlaridan ham rasmli test topshiriqlari shakllantirilmoqda.

Bundan tashqari, biologiya va kimyo fanlaridan rasmli test topshiriqlari soni ko‘paytirilmoqda.

Ona tili (o‘zbek, rus, qoraqalpoq) va adabiyot fanidan mustaqil o‘qish uchun tavsiya qilingan badiiy asarlardan test topshiriqlari soni ko‘paytirilib, abituriyentlarning mantiqiy fikrlashini rivojlantirish maqsadida matnli testlar, ya’ni matn ustida ishlash bilan bog‘liq bo‘lgan test topshiriqlari tuzilmoqda.

Matnli test topshiriqlarida matn tarkibidagi so‘zlarning to‘g‘ri qo‘llanganligini va gaplarning to‘g‘ri shakllantirilganligini aniqlash, matndagi so‘zlarning ma’nolarini topish va matnning asosiy mazmunini tushunish talab etiladi.

Test topshiriqlari tarkibida nazariy test topshiriqlari soni oshirilmoqda. Jumladan, kimyo fanidan nazariy test topshiriqlar soni oshiriladi va laboratoriya ishlariga oid test topshiriqlari yaratilmoqda. Fizika fanidan ham nazariy test topshiriqlar soni oshirilgan holda birinchi qiyinlik darajasidagi test topshiriqlari soni 6 tadan 10 tagacha ko‘paytirilmoqda.

Shuningdek, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida “Doimiy fizik kattaliklar jadvali” ishlab chiqildi va u “Kimyoviy elementlar davriy sistemasi” kabi test sinovi topshirish jarayonida abituriyentlarga taqdim etiladi.

Shu bilan birga, abituriyentlarni qiynab qo‘ymaslik maqsadida faqat 2020-2021 o‘quv yili uchun istisno tariqasida qabul test sinovlari majburiy fanlarsiz, 2 ta mutaxassislik fanlaridan o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda. Ushbu 2 ta mutaxassislik fanlari O‘zbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha Davlat komissiyasining 2019 yil 19 dekabrdagi 11-son bayoni bilan tasdiqlanib, keng jamoatchilikka e’lon qilingan edi.

Mazkur o‘quv yilida test sinovlari o‘tkaziladigan binolarda ko‘pi bilan 650-700 tagacha o‘rin tayyorlanadi, har bir abituriyent uchun kamida 3 kvadrat metr joy ajratiladi, sanitariya-gigiyena talablariga binoan, ularda bir martalik tibbiy niqob va rezina qo‘lqop bilan testda ishtirok etishi ta’minlanadi.

Har bir abituriyentning tana harorati o‘lchangach, binoga kiritiladi. Binolar kamida 4 marotaba dezinfeksiya qilinadi. Bularning barchasi test topshiruvchilar, guruh nazoratchilari va jarayonga jalb etilgan boshqa shaxslarning salomatligini himoyalash maqsadida amalga oshiriladi.

Yuqoridagilarning barchasi pandemiya davrida Davlat test markazi tomonidan abituriyentlar uchun qulaylik va yengillik yaratish maqsadida amalga oshirilmoqda.

V.SIRLIBOYeV,

Davlat test markazi Samarqand viloyati bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi.