Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Knyaz Aleksandr Nevskiy va shoh Ivan Grozniy dubulg‘alarida nega Qur’on oyatlari aks ettirilgan?

Ba’zida insonlarning buyumlarida yozib qoldirilgan bitiklar tarixchilarning taxminiy farazlaridan ko‘ra, ko‘proq ma’lumot berishga qodir. Shunday buyumlardan biri hozirgi kunda Moskva Kremlining “Orujeyniy palata”sida saqlanayotgan Aleksandr Nevskiy dubulg‘asidir.

Dubulg‘a o‘zining jozibasi va ajoyib naqshlari bilan aqlni lol qoldiradi. Unda dastlab (pravoslav xristianligida) Arxengel Mixail (islomda Mikiol farishta) siymosi, keyin olmos, zumrad, marvaridlar va arab yozuvi ko‘zga tashlanadi. Bu muqaddas Qur’oni karimning 61-oyati 13-surasi: “Allohdan yordam va yaqin zafar va’dasini mo‘minlarga yetkaz”.

Pravoslav knyazining dubulg‘asidagi bu yozuv qayerdan paydo bo‘lgan?

Qur’ondan olingan bu matnlar nafaqat Aleksandr Nevskiy dubulg‘asida, balki Ivan Grozniy va boshqa rus hukmdorlari dubulg‘alarida ham aks ettirilgan.

Ma’lumotlarda qayd etilishicha, Nevskiy dubulg‘asi XVII asrda Rus shohi Mixail Fyodorovich Romanov (Romanovlar sulolasining birinchi vakili) uchun maxsus qayta ishlangan. Saroy ustasi Nikita Danilov uni qo‘shimcha toshlar bilan bezagan va pravoslav xristianligini ifodalovchi belgilarni qo‘shimcha qilgan. Yangilangan dubulg‘a “Mixail Fyodorovichning Yerixon bosh kiyimi” nomini olgan.

Biroq hech kim nima sababdan pravoslav hukmdorlari, ular unchalik ham xush ko‘rmaydigan (har holda tarixchilarning fikri) “basurman” (musulmonlarni shunday atashgan) yozuvlarini o‘chirib tashlashni buyurishmaganini tushuntirib berolmaydi yoki buni xohlashmaydi. Balki ular arab yozuvini bilishmagandir? Arab yozuvini bilishmagan bo‘lishlari mumkin. Biroq shoh saroyida arab yozuvidan xabardor bo‘lgan ko‘plab tatar millatiga mansub mulozimlar bo‘lgan.

Katta ehtimol bilan dubulg‘a sohiblari “arab naqshlarining” ma’nosini bilishgan. Shu bilan birga, ular bu yozuvlarga hurmat ko‘rsatishgan yoki hurmat ko‘rsatishga majbur bo‘lishgan. Chunki rus knyazliklari uzoq muddat Oltin O‘rda xonlari bilan “kelishib” yashagani hech kimga sir emas. Qolaversa, Rus mamlakatchiligining poydevoriga asos solgan afsonaviy Aleksandr Nevskiy Botu xonning tutingan o‘g‘li ekani, Botuning islomni qabul qilgan o‘g‘li Sartak bilan yaqin aloqada bo‘lganini inobatga oladigan bo‘lsak, dubulg‘adagi yozuvlarning ajablanarli jihati qolmaydi. Ammo negadir bu masala ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ehtimol, tarix zarvaraqlarini boshqatdan varaqlab chiqish kerakdir.

Bekzod MUSURMONOV tayyorladi.