Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kun.uz maqolasiga Samarqand tumani hokimligi munosabat bildirdi

Kun.uz saytida e’lon qilingan “Bu pulga o‘zlari uy qurib ko‘rishsin-chi!” - Samarqand tumani katta “snos” arafasida” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 iyul kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali va unga tutash hududda qurilishi rejalashtirilgan turistik markaz loyihasi bilan tanishib, bu yerda xorijiy va mahalliy sayyohlar, viloyat aholisi uchun qulay shart-sharoitga ega dam olish maskani yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda turistik marshrutlardagi yo‘llarni ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va yo‘l atrofida infratuzilma ob’yektlarni qurish ishlari olib borilmoqda. Xususan, hududdagi turar va noturar joylar ro‘yxati shakllantirilib, “GRAND REAL PROFI” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan har bir ob’yekt bozor narxida baholanmoqda.

Bajarilayotgan har bir ishda odamlarni norozi qilmaslik choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, hech bir fuqaroning uyi yoki do‘koni egasi roziligini olmasdan, tovon puli to‘lanmay turib buzilgani yo‘q.

Ayni kunda Joyisoy, Qo‘shtamg‘ali va Qoziariq mahallalarida yashovchi 171  nafar fuqaroning 85 nafari bilan Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 29 maydagi “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori asosida shartnomalar tuzildi. Ushbu fuqarolar uchun ChEKI “Savdogarbank”ning Ulug‘bek filialida hisob raqam ochilib, 26 milliard 92 million 3 yuz ming so‘m tovon puli to‘lab berilgan. Bundan tashqari, kadastr hujjatlari yo‘q 100 ta turar va noturar joylar uchun kadastr hujjatlari tayyorlab berildi.

Xususan, Kun.uz saytiga Komil Pirmatov va uning onasi, Abduaziz Xusenov va uning onasi intervyu bergan. O‘rganib ko‘rilganda, Abduaziz Xusenov yashayotgan xonadonning kadastr hujjatlari yo‘q ekanligi aniqlangan. Bugungi kungacha ushbu fuqaroning turar joylari uchun kadastr hujjatlari tayyorlanib, egalik huquqi berilgan.

Shuningdek, Komil Pirmatovga 420 million so‘m va Abduaziz Xusenovga 599 million 700 ming so‘m tovon pullari to‘lab berilgan.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.