Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Kun.uz muxbiri «Zarafshon» qoshidagi mahorat maktabi tinglovchilariga mashg‘ulot o‘tdi

«Zarafshon» tahririyati qoshida mana o‘n bir yildirki jurnalistikaga qiziquvchi yoshlar uchun mahorat maktabi faoliyat yuritadi. Olti oy davom etadigan ushbu maktabga turli yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalarida tahsil oladigan talabalar, shu sohada ishlash istagida bo‘lgan yoshlar qatnashadi.

Bu yil ham tahririyat qoshidagi mahorat maktabiga qatnayotgan yoshlar  nafaqat gazetada faoliyat yuritayotgan, balki viloyat, respublikadagi taniqli jurnalistlar, oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan saboqlar olishayotir. Xususan, shu paytga qadar O‘zbekiston Davlat jahon tillari universiteti, xalqaro jurnalistika fakulteti dotsenti Nargis Qosimova, «Anhor.uz» axborot-tahliliy sayti bosh muharriri Saida Suleymanova, bloger Toshpo‘lat Rahmatullayev va boshqalar jurnalistika janrlari, axborot olish va tarqatishda bugungi kun talabalari kabi mavzularda amaliy mashg‘ulotlar o‘tishdi. Kuni kecha respublikada yetakchi axborot saytlardan biri Kun.uz muxbiri Shuhrat Shokirjonov ham mahorat maktabi tinglovchilariga internet jurnalistikasi, uning yutuq va kamchiliklari xususida so‘zlab berdi.

-  Tahririyat qoshidagi mahorat maktabiga qatnaganimdan beri voqea-hodisalarga, doim eshitadigan axborotlarga boshqacha nigoh tashlaydigan bo‘lganman, - deydi maktab tinglovchisi, SamDU talabasi Munisa Shamsiyeva. – Qayerga borsam ham ushbu holatni yozish uchun yana qanaqa ma’lumotlar olishim kerakligi bilan qiziqib ko‘rayapman. Bugungi mashg‘ulot davomida axborot saytlarga yangilik, maqola tayyorlash jarayonlari bilan tanishdik. Ko‘pchiligimizning e’tiborimizda bo‘lgan  Kun.uz sayti xodimlarining ishlash tartibi biz uchun juda qiziq bo‘ldi.