Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahmudxo‘ja Behbudiy yashagan va ijod qilgan uyga xotira lavhasi o‘rnatiladi

Buyuk ma’rifatparvar adib, alloma va jamoat arbobi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqand shahrida dunyoga kelgan. U 1913 yilda Samarqandda «Samarqand» (hozirgi "Zarafshon") gazetasi, «Oyna» jurnali chiqishida jonbozlik ko‘rsatgan. Turkiya, Misrga borib, u yerdan muhim kitoblar, o‘quv qo‘llanmalari keltirib, yangi usuldagi maktab dasturi tayyorlagan, darsliklar, kitoblar yozgan. Adib sifatida o‘zining «Padarkush» dramasini, bundan tashqari, o‘zbek va tojik tillarida ikki yuzdan ortiq maqola va asarlar yaratgan. Behbudiy qoldirgan rang-barang adabiy-madaniy meros xalqimizning noyob durdonasiga aylangan.

Ta’kidlash o‘rinliki, mutafakkir bobomiz Samarqand shahar Mir Said Baraka ko‘chasi, 47-uyda yashash bilan birga shu yerda "Samarqand" gazetasining ilk sonlarini chop ettirgan.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning shu kabi betakror merosini yosh avlod vakillariga yekazish maqsadida ertaga - 2019 yil 2 may kuni Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi tomonidan  ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etiladi. Tadbir doirasida adib yashagan va ijod qilgan uyga xotira lavhasi o‘rnatiladi.

Agar Siz ushbu tadbirda ishtirok etishni istasangiz 2 may kuni soat 11.00 da yuqoridagi manzil - Samarqand shahar Mir Said Baraka ko‘chasi, 47-uyga keling.