Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

MIB Samarqand viloyati boshqarmasi 2019 yil 4 dekabr kuni Past Darg‘om tumanida yuzaga kelgan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi

Samarqand viloyati matbuot uyida o‘tkazilgan brifingda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi boshlig‘i A.Zokirovning qayd etishicha, 2019 yilning dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Past Darg‘om tumanidagi beton tayyorlash korxonasi noqonuniy ravishda elektr energiyasidan foydalanib kelganligi aniqlanib, Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tuman bo‘limi xodimlari tomonidan tarmoqdan uzilganligi uchun go‘yoki tuman xokimining tazyiqi bilan MIB tuman bo‘limi boshlig‘i Ilhom Xamdamov lavozimidan olinganligi haqida yozildi.

Haqiqatdan ham 2019 yil 4 dekabr kuni Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi xodimlari Qoraterak mahallasi aholisining murojaatlari asosida mahalla hududida joylashgan, “Past Darg‘om tumani obodonlashtirish boshqarmasi” davlat korxonasiga tegishli beton tayyorlash korxonasida tekshirish o‘tkazganlarida, korxona tuman elektr tarmoqlari korxonasi bilan tegishli shartnoma hujjatlarini rasmiylashtirmasdan, belgilangan tartibda elektr energiyasi hisoblagichi o‘rnatmasdan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan MIB xodimlari tomonidan tegishli dalolatnoma rasmiylashtirilib, korxona elektr tarmog‘idan uzilgan va elektr щiti muhrlangan.

Biroq, voqea joyiga yetib kelgan Past Darg‘om tumani hokimining yordamchisi Asror Mardiyev va korxona ish yurituvchisi Ramiz Annabozorovlar MIB xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. R.Annabozorov muhrlarni qasddan buzib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishni davom ettirgan.

Rasmiylashtirilgan ma’muriy huquqbuzarlik haqidagi dalolatnoma va to‘plangan materiallar asosida to‘laqonli tekshirish o‘tkazilib, korxonasi tomonidan davlat manfaatlariga 65 million 847 ming 600 so‘m zarar yetkazilganligi aniqlangan.

2019 yil 13 dekabr kuni tekshirish jarayoni doirasida “Past Darg‘om tuman obodonlashtirish boshqarmasi” davlat korxonasi bosh muhandisi B.Jo‘rayevga qonun talablari tushuntirilib, 30 kunlik muddat ichida yetkazilgan zarar qoplanmagan taqdirda, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 185(2)-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi haqida ogohlantirilgan.

2020 yil 11 yanvar kuni korxona tomonidan davlatga yetkazilgan 65 million 847 ming 600 so‘mlik zarar to‘liq qoplangan va ushbu holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atishdan rad qilingan.

Shu bilan birga, mazkur holatda qonunbuzarlikka yo‘l qo‘ygan qator xodimlar tegishli tartibda ma’muriy va intizomiy javobgarlikka tortilgan.

MIBning Past Darg‘om tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i Ilhom Hamdamovning lavozimidan ozod etilishi yuzasidan ma’lum qilindiki, 2019 yilning noyabr oyida Majburiy ijro byurosi markaziy mahkamasi guruhi tomonidan Samarqand viloyat boshqarmasi, shahar va tuman bo‘limlari faoliyati tekshirilib, to‘liq taxlil qilingan. Mazkur tahlil natijalari 2019 yil 6 dekabr kuni Byuro direktorining o‘rinbosari raisligida o‘tkazilgan kengaytirilgan hay’at majlisida muhokama qilingan va qator shahar, tuman bo‘limlari rahbarlariga, shu jumladan, Past Darg‘om tuman bo‘limi boshlig‘iga jiddiy e’tirozlar bildirilgan. Xususan, tumanda kommunal xizmatlar uchun to‘lovlarni undirish oylik rejalari bajarilmay kelayotgani, debitor karzdorlik oyma-oy oshib borganligi, ishni tashkil qilish, ijro va mehnat intizomiga rioya qilinishini ta’minlashda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan.

 Muhokama natijalariga ko‘ra, MIB Past Darg‘om tumani bo‘limi boshlig‘i I.Hamdamov va Urgut tuman bo‘limi boshlig‘i Sh.Musurmonov o‘z faoliyatlaridagi kamchiliklarni tan olib, egallab turgan lavozimlaridan ozod qilishni va kamroq xajmdagi ishga o‘tkazishni so‘rab murojaat qilgan.

Bugungi kunda Ilhom Hamdamov Byuroning Jomboy tuman bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.

Majburiy ijro byurosi Past Darg‘om tumani bo‘limi sobiq  boshlig‘i I.Hamdamovning o‘z vazifasidan ozod qilinishi va 2019 yil 4 dekabr kuni Past Darg‘om tumanining Qoraterak mahallasida Majburiy ijro byurosi xodimlari va beton tayyorlash korxonasi xodimlari o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat o‘rtasida hech qanday bog‘liqlik mavjud emas.