Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Multimodal yo‘nalish: Birinchi yuk poyezdi O‘zbekiston orqali Gruziyaga yetib bordi

Qirg‘iziston Respublikasidan birinchi yuk poyezdi 21 yanvar kuni Qorasuv (Qirg‘iziston) shahridan Batumi (Gruziya) shahriga jo‘nab ketdi. Multimodal tranzit yo‘lagi orqali jo‘natilgan 49 sisternadan (mazut) iborat tarkib O‘zbekiston hududidan rejalashtirilgan 36 soat o‘rniga 33 soatda yo‘l bosib o‘tdi. Bu haqda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ axborot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekiston orqali yuklarni jo‘natishni amalga oshirish bo‘yicha ushbu loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirildi va bugungi kunda tarkibida yana 48 ta mazut ortilgan sisternali yuk poyezdi Qorasuvdan Batumiga jo‘nab ketdi.  Ushbu tranzit multimodal yo‘lagidan navbatdagi yuk jo‘natish uchun tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda 2019 yil 19-20 dekabr kunlari besh mamlakat – Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekiston temir yo‘llari rahbarlarining birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi.

Uchrashuv doirasida ishtirokchilar "Osiyo-Tinch okeani mamlakatlari – Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston – Turkmaniston – Ozarbayjon – Gruziya – Yevropa" xalqaro multimodal marshrutini rivojlantirish bo‘yicha mazkur tadbirning ahamiyati, konteyner poyezdlarini jadallik bilan o‘tkazish va yagona tariflarni qo‘llash bo‘yicha yagona yondashuvlarni ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishgan edi.

Bu esa nafaqat Markaziy Osiyo va Kavkaz davlatlari o‘rtasida, balki Yevropa va Osiyo qit’asining boshqa davlatlari bilan savdo hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini beradi.