Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nukusda odamlar hududining tabiiy gaz bilan ta’minlanishini talab qilib, norozilik namoyishi o‘tkazdi (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘istonning Nukus tumanida odamlarning ko‘chaga chiqib, yo‘llarda avtomashinaning eski balonini yoqib yurgani tasvirlangan video tarqaldi, deb yozadi O‘zA.

Malum  bo‘lishicha, mazkur norozilik namoyishi tuman markazidan 8,5 kilometr olisdagi Qirantau ovul fuqarolar yig‘iniga qarashli Shortanbay ovuliga tabiiy gaz yetib bormasligi ortidan kelib chiqqan.

Nukus tumani hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, Shortanbay ovuli fuqarolari M.J. va A.U. hudud ichidan o‘tadigan yo‘lning bo‘yiga chiqib, qishloqdoshlarini norozilik mitingiga chorlaydi. Odamlarning e’tiborini tortish uchun asfalt yo‘lga avtomashinalarning pokrishkalarini yoqadi va voqea joyiga 70 ga yaqin odamlar yig‘iladi.

Tuman hokimi A.Seytaxov va tuman prokurori Sh.Allambergenov vaziyatni voqea joyiga borib o‘rganadi. Qishloq aholisining ko‘mirga bo‘lgan talabi o‘rganib chiqilib, shu kunning o‘zida 116 tonna ko‘mir yetkazildi.

Qish mavsumida tabiiy gaz to‘liq yetib bormaydigan ijtimoiy ob’yektlar va xo‘jaliklarning ro‘yxati tuzilgan bo‘lib, ushbu hududlarga boshqa muqobil energiya resurslarini yetkazib berish bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Qirantau OFY hududi ham ushbu ro‘yxatga kiritilgan.

Hozirgi vaqtda mazkur hududga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib berilmoqda. Lekin qishloq aholisi ko‘mir sifati past ekanligini ta’kidlab, ko‘mir sotib olishdan bosh tortgan va hududni tabiiy gaz bilan ta’minlab berishni talab qilgan.

«O‘ztransgaz» AJ «Qaraqalpaqstangaz» filiali boshlig‘i X.Aymanov va Qoraqalpog‘iston Ichki ishlar vaziri A.Temirxanov norozi aholi bilan uchrashib, tabiiy gaz yetishmovchiligi sabablarini va bu norozilik namoyishlari qonunga zid ekanligini tushuntirdi.

Hozirgi vaqtda hudud aholisini muqobil energiya resurslari bilan doimiy ta’minlash bo‘yicha ishchi guruh tuzilib ish olib bormoqda.

Aholining suyultirilgan gaz va sifatli ko‘mirga bo‘lgan talabi hisoblab chiqilib, tez fursatda yetkazib berish choralari ko‘rilmoqda. Bugungi kunda hududda 1541 xonadon bor bo‘lib, shundan 420 ta yordamga muhtoj har bir xonadonga 500 kilogrammdan ko‘mir va 2 dona gaz ballonlari bepul yetkazildi. Hamda 10 telejka quruq o‘tin ham bepul berildi.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisining topshirig‘i bilan mazkur hududda joylashgan ijtimoiy ob’yektlar (3 ta maktab, bitta maktabgacha ta’lim muassasasi va qishloq vrachlik punkti) shu yilning 1 dekabriga qadar tabiiy gaz tarmog‘iga ulanadigan bo‘ldi.

Hududga gaz yetkazuvchi 16 kilometr gaz quvuri yaroqsiz holatga kelgan bo‘lib, yuqori bosimdagi gazga bardosh bera olmay favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqarishi ehtimoli bo‘lganligi sababli ushbu quvurlar yangisiga almashtirilgandan keyin hududdagi xo‘jaliklarni bosqichma-bosqich tabiiy gaz tarmog‘iga ulash bo‘yicha ham o‘rganish ishlari olib borilmoqda.