Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Nurobodda chorva qishloviga tayyorgarlik qanday?

Nurobod tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan 6 ta mas’uliyati cheklangan jamiyat hamda 94 ta chorvachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaligi tomonidan 194 ming gektar yaylovda 114 ming 655 bosh qo‘y boqilmoqda.

Mayda shoxli mollarni qishlovdan betalafot olib chiqish, qo‘zilatish mavsumini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida 18 ming tonna dag‘al xashak, 5 ming 732 tonna kuchli ozuqa jamg‘arilgan.

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Nurobod tuman bo‘limi tomonidan otarlarda qishlovga tayyorgarlik tadbirlari monitoring-tahlil tarzida o‘rganilmoqda. 

Amalga oshirilgan nazorat tadbirlari samarasi o‘laroq, cho‘pon uylarining barchasiga isitish pechlari o‘rnatildi, ko‘mir va o‘tin zaxirasi yaratildi. Cho‘ponlar qo‘l fonari, issiq kiyim-bosh va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlandi. Belgilangan jadval asosida cho‘pon uylariga maxsus avtomashinalar orqali ichimlik suv keltirilmoqda.

Shuningdek, 2021 yili tuman chorvadorlari har 100 bosh qo‘ydan 70 ta sog‘lom qo‘zi olishni rejalashtirgan. Mavjud otarlarda boqilayotgan 91 ming 517 bosh qorako‘l qo‘ylaridan nasldor qo‘zi olishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi qorako‘lchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklaridan naslli qo‘chqorlar keltirildi.

“O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi axborot xizmati.