Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bo‘yicha Samarqand oxirgi o‘rinda

O‘zbekiston Respublikasi umumta’lim muassasalarining milliy reytingida matematikadan yozma ish bo‘yicha hududlar kesimida natijalar e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, Samarqand viloyati oxiridan ikkinchi o‘rinni egallagan.

Shuningdek, ona tilidan diktant bo‘yicha hududlar kesimida natijalarda ham viloyatimiz ayni shu natijani band etgan.

Oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bo‘yicha viloyatga oxirgi bo‘lish nasib qilgan.

E’tiborlisi, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilar ko‘rsatkichi bo‘yicha TOP 20 ta maktab orasida Jomboy tumanidagi 20-umumta’lim maktabi 13-o‘rinda qayd etilgan.

Viloyatdagi tumanlar o‘rtasida eng yaxshi ko‘rsatkich Kattaqo‘rg‘on shahriga tegishli (60,65 ball). Eng quyida esa Payariq tumani (33,19).

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi o‘tkazgan reytingda qatnashadigan maktablarning sonini aniqlashda nufuzli PISA, TIMSS va PIRLS kabi xalqaro agentliklar tajribalari o‘rganilib, umumiy maktablar sonining 10 foizi miqdori belgilangan.

Xalq ta’limi vazirligi va uning tasarrufidagi viloyat hamda tumanlar bo‘limlari tavsiyalari asosida shakllantirilgan ro‘yxatga Samarqand viloyatidagi 121 ta maktab kiritilgan.

Inspeksiya saytida reytingni aniqlash jarayonida yuzaga kelgan holatlar va boshqa masalalar ham o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Samarqand viloyati vakillari ushbu reytingda salbiy natijani qayd qilgani uchun jiddiy tanqid qilingandi.