Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi to‘g‘risida axborot

Toshkent shahrida 21 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda hukumat a’zolari, markaziy idoralar rahbarlari, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Deputatlar va senatorlar qo‘shma majlisni o‘tkazish bo‘yicha muvaqqat kotibiyat va majlisda elektron tizimdan foydalanish ustidan nazorat guruhini sayladilar, kun tartibi tasdiqlandi.

Qo‘shma majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ijtimoiy sohalarni rivojlantirish, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, mamlakatimizni yanada taraqqiy ettirish yuzasidan ustuvor vazifalarga alohida e’tibor qaratdi. Bu borada muhim takliflarni ilgari surib, ularni amalga oshirish bo‘yicha yangidan tasdiqlanadigan hukumat oldida turgan asosiy vazifalar xususida to‘xtaldi.

Qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro samarali hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish, ijroiya organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Shundan so‘ng Bosh vazir nomzodi hamda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritgan siyosiy partiya tomonidan yoki teng miqdordagi eng ko‘p deputatlik o‘rinlariga sazovor bo‘lgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovda 53 nafar deputatlik o‘rnini egallagan edi. Partiyaning yaqinda bo‘lib o‘tgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi ko‘rib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi.

Abdulla Aripov qo‘shma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturi haqida nutq so‘zladi.

Majlisda so‘zga chiqqanlar Prezidentimizning ma’ruzasida bayon etilgan ustuvor yo‘nalishlarni qo‘llab-quvvatlagan holda o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni ma’qulladilar.

Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi o‘z ishini yakunladi.