Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“O‘zdonmahsulot” AK: Un mahsulotlarining to‘liq birja savdolari orqali sotilishi monopolistik va korrupsion harakatlarning oldini oladi

“O‘zdonmahsulot” AK axborot xizmatining ma’lum qilishicha, yurtimizda aholini un, non va non mahsulotlari bilan o‘z vaqtida ta’minlash, ushbu mahsulotga bo‘lgan talabning qondirilishi muhim sanaladi. Yetishtirilgan bug‘doyni davlat resurslariga qabul qilish va uni qayta ishlab, aholiga yetkazishga ixtisoslashgan “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tarkibidagi korxonalar tomonidan bu borada tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Joriy yilning 2 oktyabr sanasida O‘zbekiston Fermer, dehqon va tomorqa yer egalari kengashi tomonidan hukumatdan g‘allachilik fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan donni erkin narxlarda sotish tizimini yo‘lga quyish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga murojaatnoma kiritilgan.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019 yil 9 oktyabrda “G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qarori chiqarilib, mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan qaror qabul qilindi.

Ushbu qarorga asosan “O‘zdonmahsulot” AK tizimidagi va boshqa donni qayta ishlash korxonalari tomonidan ishlab chiqarilayotgan un va un mahsulotlarining hech qanday cheklovlarsiz erkin bozor mexanizmlariga asoslangan holda sotilishi ko‘zda tutilgan.

Mazkur qaror bozor munosabatlarini iqtisodiyotning barcha jabhalariga keng joriy etish, tadbirkorlik sub’yektlari faoliyati hamda tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish, aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining g‘alla va uni qayta ishlashdan olinadigan mahsulotlarga oshib borayotgan talablarining to‘liq qondirish imkoniyatlarini yaratadi.

Shuni ta’kidlash joizki, 2018 yilning oktyabr oyidan boshlab “O‘zdonmahsulot” AK korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan oliy navli un barcha iste’molchimlar uchun birja savdolari orqali hech qanday cheklovlarsiz erkin sotilmoqda.

Bundan tashqari, 2019 yilning mart oyidan buyon makaron, qandolatchilik mahsulotlari hamda nonning milliy turlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan korxonalarga birja savdolarida sotilmoqda.

Shu bilan birga, 1-navli unning ulgurji va chakana narxlarini ma’muriy tartibda belgilash narxlarni shakllantirishning to‘laqonli bozor mexanizmlarini joriy qilish imkonini bermayapti va buning oqibatida un va un mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir tonna undan salkam 900 ming so‘mdan zarar ko‘rmoqda.

Endilikda, ishlab chiqarilgan un mahsulotlarining to‘liq birja savdolari orqali sotilishi ayrim noxolis, monopolist harakatlar va korrupsiya holatlarini bartaraf etishda yordam beradi. Barcha turdagi iste’molchilar o‘z moddiy imkoniyatlaridan kelib chiqib, birja savdolari orqali xaridlarni amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Ushbu qaror natijasida don korxonalarining ishlab chiqarish xarajatlari qoplanishi va faoliyatlarini zararsiz olib borishlariga keng imkon yaratiladi. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida kompensatsiya to‘lovlari joriy etish qarorda ko‘rsatib o‘tilgan.

Bugungi kunda, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi 44 ta don korxonalari tasarrufida 52 ta tegirmon sexlari aholi talabini qondira oluvchi sifatli mahalliy un mahsulotini ishlab chiqarish orqali xizmat qilib kelmoqda.

Kompaniya tarkibidagi korxonalarda faoliyat yuritayotgan tegirmonlar texnologik holatidan kelib chiqib, doimiy zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilib borilmoqda. Jumladan, joriy yilda kunlik 2,3 ming tonna un ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan 10 ta tegirmon sexlari xorijiy davlatlarning zamonaviy, energiya tejamkor texnologiyalari asosida modernizatsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Natijada ishlab chiqarilayotgan un mahsulotlarining sifati yanada yaxshilanishi, elektr energiya sarfining 25-30 foizga qisqarishiga erishiladi.