Pedagoglar tahririyat bilan tanishdi
Bugun SamDU huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi tinglovchilari uchun Samarqand viloyat Matbuot uyida uchrashuv tashkil etildi.
Davra suhbatida viloyat “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari F.Toshev bugungi kun ommaviy axborot vositalari uchun yaratilgan shart-sharoitlar, ularga qo‘yilayotgan talablar haqida gapirdi. O‘qituvchi va pedagoglar ham jurnalistlarning yaqin hamkori sifatida axborotlarni olishi va tarqatishda amaliy yordam ko‘rsatib kelayotganini ta’kidladi.
- Bu kabi uchrashuvlar biz pedagoglar uchun ayni muddao bo‘ldi, - deydi markaz tinglovchisi, Narpay tumani, 24-umumiy o‘rta ta’lim maktabining rus tili fani o‘qituvchisi Guljahon Qurbonova. – Shu paytgacha gazetani qo‘limizga olsak, asosan chop etilgan maqolaning mazmuniga e’tibor qaratardik. Bugun gazeta tayyorlash qanchalik mashaqqat ekanligiga amin bo‘ldik. Ayniqsa, matbuot tarixi muzeyini tomosha qilib olam-olam zavqlandik. Chunki u yerda gazetalar tarixi, matbuot bilan bog‘liq ashyolar bir talay ekan. Biz eksponatlar tarixi bilan tanishar ekanmiz, bir zumga bo‘lsada o‘sha davrni esga oldik. Davra suhbati davomida pedagogika bo‘yicha bilimlarimiz barobarida jurnalistikaga qiziqishimiz va havasimiz oshdi.
Husan Eltoyev.