Kod ortidagi mas’uliyat yoki kiberetika haqida mulohazalarim
XXI asr insoniyat hayotida nafaqat yangi texnik imkoniyatlar, balki dolzarb falsafiy savollar davri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Axborot oqimining beqiyos darajada kengayishi va kibermakonning cheksiz imkoniyatlari insonning borliqdagi o‘rnini qayta anglashni taqozo etmoqda. Bugun Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va shu kabi texnologik markazlarda tahsil olayotgan yoshlar uchun faqatgina kod yozish yoki tizim yaratish emas, balki yaratilayotgan texnologiyalarning axloqiy va ijtimoiy oqibatlarini anglash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Bu borada kiberetika talablariga rioya qilish ijtimoiy jihatdan foydali sanaladi. Zero, kiberetika kompyuter va axborot texnologiyalaridan foydalanish jarayonida insoniy axloq qoidalarini o‘rganuvchi falsafiy sohadir. Raqamli dunyoda shaxs erkinligi masalasi o‘ta nozik va murakkab xususiyatga ega. Bir tomondan, internet insonga bilim olish, fikr almashish va o‘zini ifoda etishda keng imkoniyatlar yaratsa, ikkinchi tomondan, raqamli nazorat, shaxsiy ma’lumotlarning oshkoraligi va axborot manipulyasiyasi inson erkinligiga tahdid solmoqda.
Falsafiy nuqtai nazardan qaralganda, virtual borliq insonning “ikkinchi tabiati”ga aylanib bormoqda. Ushbu makonda anonimlik hissi ko‘p hollarda mas’uliyatsizlik va axloqiy me’yorlarning buzilishiga olib kelishi mumkin. Shu bois raqamli sivilizatsiya sharoitida “raqamli vijdon” tushunchasini shakllantirish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Agar texnik taraqqiyot ma’naviy-axloqiy tarbiya bilan uyg‘unlashmasa, inson o‘z qo‘li bilan yaratgan tizimlarning qurboniga aylanib qolishi ehtimoldan xoli emas.
Raqamli kelajakning insonparvar modelini yaratishda asosiy e’tibor texnologiyaning o‘ziga emas, balki inson qadri va erkinligiga qaratilishi lozim. Kelajak avlod kibermadaniyatni yuksak darajada o‘zlashtirishi, axborot ta’siriga tanqidiy yondasha olishi va texnologiyalardan faqat ezgu maqsadlarda foydalanishi muhimdir.
Xulosa qilib aytganda, kiberetika va shaxs erkinligi masalalari raqamli asrning eng muhim falsafiy muammolaridan sanaladi. Texnologik taraqqiyot insonning moddiy hayotini yengillashtirsa-da, uning ma’naviy olami va erkinligi faqat axloqiy me’yorlar orqali himoya qilinadi. Shu bois yaratilayotgan har bir dasturiy mahsulot yoki texnik yechim zamirida inson qadri va axloqiy mas’uliyat mujassam bo‘lishi shart.
Muhammad Quvondiqov,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filiali talabasi.