"Tafakkur birla bildi odamizod"

Alisher Navoiy hazratlarida shunday satr bor: "Har neniki bildi odamizod, Tafakkur birla bildi odamizod". Bu bejiz emas.

Biz borliqni ham, dunyoni ham shuurimiz, zakovatimiz orqali anglaymiz, o‘z hayotimizda ana shu tushunchalar orqali yashaymiz. Binobarin, aynan ana shu aqida bois, azal-azaldan bunday tafakkur va iqtidorga ega bo‘lganlar jamiyatda yetakchi sanalgan, odamlar ularning xulosalariga ergashgan.

Olamga nisbatan dunyoqarash, umuman, inson ma’naviyati hamma davrda ham allomalar o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘lgan. Hatto Islom dini arkonlari o‘rtasida ham e’tiqod va jamiyatga munosabat yuzasidan turlicha qarashlar bo‘lgan.

Bunday qarashlarni o‘rganish, tahlil qilish va shu orqali allomalar nuqtai nazarining mohiyatini aniqlash falsafaning bugungi dolzarb masalalaridan biridir. Zamonaviy falsafada esa ana shu tadqiqotlar yo‘lida SINERGETIKA degan uslub paydo bo‘ldi. Uning asosiy vazifasi oddiy qarashlardagi murakkab xulosalarni anglash yoki aksincha, murakkab xulosalarni soddaroq holda anglashga intilishdir. Boshqacha aytganda, har bir xulosaning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish, o‘sha davr muhiti bilan o‘rganishdir.

Falsafa fani bo‘yicha PhD doktori Bahodir Rahmonov o‘zining "Falsafiy meros sinergetikasi" risolasida aynan ana shu uslub ahamiyati va uning talablari xususida so‘z yuritadi. Xususan, sinergetikada yaxlit tushunish imkoniyati, an’anaviy anglashning yangi talqinlar bilan integrallashuvi, turli falsafiy g‘oyalar integrallashuvi, g‘oyalar dinamikasi hamda falsafiy qarashlarga ijodiy yondashuv uslublari talablarini tadqiq etgan.

Muallif O‘rta Osiyo mutafakkirlari merosi misolida sinergetik o‘rganish ahamiyati haqida mulohaza yuritadi, Yusuf Xos Hojib, Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sinoning tafakkur tarzini ochib berishga intilgan. Shuningdek, B.Rahmonov falsafa sinergetikasining allomalar merosini o‘zlashtirishdagi hamda Yangi O‘zbekiston yuksak ma’naviy muhitini shakllantirishdagi ahamiyatini ishonchli takliflar bilan isbotlagan.

Bahodir Rahmonov jurnalistikada ham, ilmda ham, badiiy ijodda ham baravar faoliyat ko‘rsatayotgan, o‘zbek va tojik tilida teng darajada ijod qilayotgan ziyolilardan biri. Uning navbatdagi ilmiy tadqiqoti mahsuli - "Falsafiy meros sinergetikasi" kitobi ham ko‘pchilikka ma’qul keladi, degan umiddamiz.

Farmon TOShEV,

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist.