Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident barchani yana bir marta ogohlikka chaqirdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan koronavirus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy ta’sirini kamaytirishga qaratilgan qator muhim qarorlar qabul qilindi. Jumladan, Maxsus respublika komissiyasi tuzilib, epidemiologik vaziyatni barqarorlashtirish, aholi sog‘lig‘ini himoya qilish, karantin rejimini joriy etish bo‘yicha keng qamrovli ishlar yo‘lga qo‘yildi.

Tibbiyot muassasalarini shay holga keltirish va qo‘shimcha quvvatlarni barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Zangiota tumanida 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan maxsus shifoxona jadal sur’atlarda qurilyapti. Yuqorichirchiq tumanida esa 10 ming kishilik maxsus karantin zonasi qurilib, o‘z ishini boshladi. Bu yerda yana qo‘shimcha 10 ming o‘ringa mo‘ljallangan karantin qurilishi boshlanib, 15 maygacha topshiriladi.

Yig‘ilishda ta’kidlaganidek, pandemiya sharoitida so‘nggi bir oy ichida xorijiy davlatlardan 20 ta charter reys orqali 6 ming, temir yo‘l va chegara postlari orqali 10 ming nafar fuqaromiz olib kelindi. Ularning barchasi 160  ta manzilga joylashtirilib, karantinga olindi.

Tajribali shifokor professorlardan iborat maxsus shtab tuzilib, har bir bemorni davolashda 24 soatlik onlayn maslahat berish yo‘lga qo‘yildi. Xitoy va Janubiy Koreyadan virusologlar taklif qilindi. Rossiya, Germaniya, Yaponiya, Turkiya kabi davlatlar mutaxassislari bilan ham doimiy telemeditsina aloqalari o‘rnatilgan.

– Eng muhimi – xalqimiz yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri baholab, o‘z xizmat vazifalarini masofadan turib bajarmoqda, shifokorlar tavsiyasi va karantin tartib-qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zlarining madaniyati, ongi va intizomi bilan barchaga o‘rnak bo‘lmoqda. O‘quvchi va talaba yoshlarimiz onlayn dars va mashg‘ulotlar orqali ta’lim olishda davom etmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Odamlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiyot vositalari bilan uzluksiz ta’minlash tizimi samarali yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, saxovatli va olijanob yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan beg‘araz xayriya yordamlari manzilli ravishda aholining tegishli qatlamlariga o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda.

Prezidentimizning qayd etishicha, qisqa muddatda fuqarolarimiz, davlat va nodavlat tashkilotlar tomonidan “O‘zbekiston Mehr-shafqat va salomatlik” jamg‘armasiga 50 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ o‘tkazilgani – elimizning mazkur xavf-xatarga qarshi yelkama-yelka kurashishga tayyor ekanligining yorqin isboti.

– Mana shunday og‘ir sinov damlarida ko‘pmillatli xalqimiz sarosima va vahimaga tushmasdan, aksincha, chetdan kelgan bu baloning tezroq o‘tib ketishiga, hademay yaxshi kunlar kelishiga ishonib, o‘zining mustahkam irodasi, mehr-oqibati va hamjihatligini yana bir bor namoyon etmoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hududlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz bahorning har bir kunini g‘animat bilib, yaxshi niyat va ertangi kunga ishonch bilan qishloq xo‘jaligi ishlarini boshlab yubordilar.

Strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sanoat korxonalarida, muhim qurilish maydonlarida ish kundalik reja asosida, karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda tashkil etilmoqda.

– Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekistonda hayot barqaror sur’atda davom etmoqda. Eng asosiysi, ming-minglab yurtdoshlarimiz, ayniqsa shifokorlarning fidoyi xizmati, o‘z burchiga sadoqati tufayli ko‘rayotgan tezkor choralarimiz o‘zining ijobiy natijasini bermoqda, – dedi Prezidentimiz.

Lekin, misli ko‘rilmagan darajada targ‘ibot ishlariga qaramay uyida davolangan va og‘ir holatda yotqizilgan 40 yashar bemor kecha olamdan o‘tdi.

Marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildirar ekan, davlatimiz rahbari yana bir bor barchani ogohlikka chaqirdi. “Kasallik alomatini sezdingizmi, darhol shifokorlarga murojaat qiling. Takror aytaman, kasallikni oilamizga kirib kelmasligi, o‘zimiz va yaqinlarimizni ushbu illatdan saqlab qolish, eng avvalo, o‘zimizga bog‘liq!”

Afsuski, karantin va sanitariya-gigiyena talablariga befarq qarayotgan shaxslar ham yo‘q emas

Masalan, o‘tgan davrda karantin qoidalarining 47 mingga yaqin buzilish holatlari, shu jumladan, 34 ming marta niqob taqmaslik, 11 ming marta avtotransportda karantinga rioya qilmaslik holatlari aniqlanib, jarimalar qo‘llangan. Hattoki, 24 ta holatda yuzlab odamlarni to‘plab, ziyofat va marosimlar o‘tkazilgani aniqlangan.

– Butun dunyoning boshiga tushgan bu murakkab sinovdan biz, Xudo xohlasa, yanada kuchli bo‘lib, bir-birimizga mehrimiz yanada ziyoda bo‘lib, albatta yorug‘ yuz bilan o‘tib olamiz. Faqat tartib-intizomga qat’iy rioya qilib, o‘rinsiz vahimaga tushmasak, tushkunlikka berilmasak, marra bizniki bo‘ladi.

Bu vaqtinchalik qiyinchilik va muammolar, albatta, o‘tib ketadi. Pok niyatli, dinu diyonatli, sabr-bardoshli, olijanob xalqimiz bilan hali ko‘p yaxshi kunlarni ko‘ramiz, ko‘p to‘y-tomosha va tantanalarni birgalikda nishonlaymiz, oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizga albatta yetamiz,” – dedi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev.