Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident Bokuga jo‘nab ketdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining yettinchi sammiti tadbirlarida ishtirok etish uchun 14 oktyabr kuni Ozarbayjon poytaxti Boku shahriga jo‘nab ketdi.

Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston, kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etayotgan Vengriya hamda Turkmaniston delegatsiyalari rahbarlari Turkiy kengash doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirishga qaratilgan masalalarni muhokama qiladilar.

Sammitda Turkiy kengashga a’zo davlatlar rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasining to‘la huquqli a’zo sifatida tashkilotga qo‘shilishi to‘g‘risida Qo‘shma bayonoti qabul qilinadi.

Uchrashuv yakunida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi yettinchi sammitining deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.