Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Prezident qachon murojaatnoma yo‘llaydi?

Yangi yil arafasida va shu kunlarda ham qaysi davraga bormay, kishilar avvalo shunday savol beryapti? Yil qanday nomlangani bilan qiziqmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Xalqimiz yil yakunida davlatimiz rahbari tomonidan parlamentga murojaat yo‘llanishiga, yil sarhisob qilinib, kelgusi yildagi ustuvor vazifalar belgilab berilishiga o‘rganib qoldi. Yangi yilga qanday nom berilishi ham aynan ana shu murojaatnomada qayd etilmoqda.

Shuning uchun yurtdoshlarimiz har yili dekabr oyining so‘nggi kunlarida Prezident murojaatnomasini kutyapti, yangi yil rejalarini bilishga qiziqmoqda.

Bu yil esa bu an’ana biroz boshqacha bo‘ldi. Ya’ni, 2019 yil 22 dekabr kuni mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazilib, yangi parlament, yangi mahalliy kengashlar shakllantirildi. 2020 yilning dastlabki kunlaridan yurtimizda siyosiy jarayonlar boshlandi. Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlarining tashkiliy sessiyalari o‘tkazildi, hokimlar tasdiqlandi. Mahalliy kengashlarning qo‘shma majlislari o‘tkazilib, Oliy Majlis Senati a’zolari saylandi.

Kuni kecha Oliy Majlik Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi yig‘ilishlari o‘tkazildi. Ikki palataning ilk majlisida Prezidentimiz ishtirok etib, yangi saylangan parlament va mahalliy kengashlar oldida turgan vazifalarga e’tibor qaratdi. Deputatlarning xalqimiz ishonchiga munosib bo‘lishi uchun qanday ishlashi kerakligi to‘g‘risida so‘z yuritdi.   Davlatimiz rahbari o‘z chiqishlari davomida yaqin kunlarda yangi shakllangan parlamentga murojaatnoma yo‘llanishi va bu yilgi murojaatnoma ko‘lami va vazifalar qamrovi jihatidan avvalgi yillardagidan tubdan farq qilishini ta’kidladi.

Prezident tomonidan parlamentga murojaatnoma yo‘llash amaliyoti mamlakatimiz tarixida ilk bor 2017 yil 22 dekabr kuni amalga oshirilgandi. O‘shanda Shavkat Mirziyoyev 2017 yilda amalga oshirilgan asosiy ishlar yakuni va O‘zbekiston Respublikasini 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlariga e’tibor qaratgan edi. 2018 yil 28 dekabrdagi murojaatnomada ham yil yakunlari sarhisob qilinib, 2019 yil uchun vazifalar belgilab berildi. Ikkala murojaatnomada ham yil nomlari (“Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili”, “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”) e’lon qilindi.

Bu yil yangi parlamentga ilk murojaatnomada nafaqat 2020 yil, balki yaqin besh yillikda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, faol ichki va tashqi siyosat olib borish bilan bog‘liq ustuvor vazifa va maqsadlar belgilab berilishi kutilmoqda. Va, albatta, an’anaga muvofiq yilga nom beriladi.

Bugun butun xalqimiz, jumladan, biz deputatlar ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning murojaatnomasini, unda qanday vazifalar belgilab berilishini kutyapmiz. Shu vazifalar asosida biz ham o‘z dastur va rejalarimizni ishlab chiqamiz.

Davlat organlari, korxona va tashkilotlar, mansabdor shaxslar va deputatlar, umuman, har bir shaxsning o‘z vazifa va maqsadlari bor. Ularni bajarish uchun barchamiz burchlimiz va kundalik faoliyatimizni shunga yo‘naltiramiz. Prezident tomonidan yo‘llanadigan murojaatnoma va unda belgilanadigan vazifalar esa zimmamizdagi burch va mas’uliyatni yanada teran his qilib faoliyat olib borishga, taraqqiyot va farovonlik uchun fidoyilik bilan mehnat qilishga da’vat etadi.

Murojaatnomani kutishimiz, unga qiziqishimizning boisi shunda, deb o‘ylayman.

O‘ktam SAIDMURODOV,

Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati.