Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Professor-o‘qituvchilarni tanlash mezonlarini o‘zgartirish vaqti keldi

Darsning texnik vositalari, turli pedagogik usullar muallim mahorati oldida ikkinchi darajali vositalardir.

Ta’limda son, miqdor, albatta, tom ma’nodagi sifatga aylanishi shart, yo‘qsa barcha sa’y-harakatlar kutilgan natijani bermaydi, besamar ketadi. Ta’lim, undagi sifat va samaradorlik to‘liq muallimga, uning pedagogik salohiyati, tajribasi, malakasi va mahoratiga bog‘liq, deb yozadi O‘zA.

Oliy ta’lim muassasasidagi professor-o‘qituvchilar ham turlicha bilim, dunyoqarash, ijobiy fazilatlarga ega insonlardir. Ular ham boshqa pedagog-mutaxassislar kabi oliy ta’lim muassasasida tayyorlab kelinayotgan bo‘lsalar-da, konveyerdan chiqqan bir xil andozadagi tovarlardek yetishtirilmaydi. Shuning uchun muallimlarni ishga tanlash, qabul qilishda ularning individual jihatlariga alohida e’tibor talab etiladi.

Tanlov tizimi oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilarni jalb etish va ishga olishda asosiy vosita sifatida xizmat qilib kelmoqda. Tan olish kerak, barcha oliy ta’lim muassasalariga professor-o‘qituvchilar yillar davomida shakllangan tartibdagi tanlov asosida ishga qabul qilinmoqda. Afsuski, shunday. Ammo bu tanlov tizimi hozirgacha o‘zini oqlamagan va bundan keyin ham oqlay olmaydi. Nega? Chunki bu tizim ishga qabul qilayotgan oliy ta’lim muassasasi rahbariga ishga olinayotgan professor-o‘qituvchi haqida yetarlicha ma’lumot taqdim etmaydi. Tanlov asosida ishga kirayotgan professor-o‘qituvchi oliy ta’lim muassasasi rahbari nomiga ariza yozadi va arizasiga ma’lumoti haqidagi diplom nusxasini, ilmiy-ijodiy ishlari bo‘lsa, ularning tasdiqlangan ro‘yxatini, oxirgi ish joyidan kadrlarni hisobga olish bo‘yicha tasdiqlangan so‘rovnoma hamda malakasini oshirib borgani haqidagi sertifikat nusxasini taqdim etadi.

Xo‘sh, mana shu hujjatlar ishga kirish uchun talabgor professor-o‘qituvchining qanday yuksak pedagogik malakaga, mahoratga, tajribaga, yuksak ilmiy salohiyatga, ma’naviy-axloqiy jihatdan talabalarga va hamkasblariga namuna bo‘la oladigan insoniy fazilatlarga ega murabbiy, talabalar bilimini baholashda xolislik, halollik, adolat tamoyillariga qat’iy rioya qilgan holda, ta’magirlikka yo‘l qo‘ymay baho beradigan ustoz ekani haqida to‘liq ma’lumot bera oladimi?

Ishga kirish imkonini beradigan hujjatlar shunchaki rasmiyatchilik uchun qabul qilinayotganini ochiq ko‘rsatib turibdi. Yana boshqa bir tomoni shundaki, bunday tanlovlarga berilgan e’lon bo‘yicha shu lavozimda ishlab kelayotgan professor-o‘qituvchidan bo‘lak biror-bir muqobil nomzod hujjat topshirmasligi ham haqiqat.

Professor-o‘qituvchi o‘zi ishlab kelgan lavozimga berilgan e’lon bo‘yicha bu tanlov unga hech qanday qo‘shimcha talab, majburiyat va vazifa yuklamasligini ham, o‘zidan boshqa birov bu o‘ringa da’vogarlik qilib, hujjat topshirmasligini ham yaxshi biladi. Olingan hujjat bo‘yicha nomzod faoliyati kafedra yig‘ilishida, fakultet kengashi majlisida muhokama qilinadi, nomzod “kutilgan tanlov”dan beozorgina o‘tkaziladi va oliy ta’lim muassasasi rahbari bilan shartnoma tuzishga tavsiya etiladi. U endi keyingi besh yil muddatga qonuniy saylangan hisoblanadi va buning ustiga, ta’lim muassasasi rahbari bilan besh yilga rasmiy shartnoma ham tuzib oladi. Yana besh yildan so‘ng shu jarayon qaytariladi va yana shu tarzda davom etaveradi. Axir e’lon qilingan tanlov bo‘yicha birgina nomzoddan hujjat tushsa, unga raqobatchi bo‘la oladigan muqobil nomzod bo‘lmasa, buning nimasi tanlov hisoblanadi?

Bundan kim zarar ko‘ryapti? Bundan yangicha pedagogik va axborot texnologiyalari asosida zamonaviy ta’lim olishga bel bog‘lagan talabalar zarar ko‘ryapti, poydevori necha ming yillik tarixga borib taqaladigan madrasai oliyalarda nash’u namo topgan ta’lim tizimi zarar ko‘ryapti, taraqqiyot sari dadil intilayotgan butun jamiyatimiz behisob darajada zarar ko‘ryapti!

Oliy ta’lim tizimida, jamiyat taraqqiyotiga asos bo‘luvchi ta’limda yuqori darajaga erishishni istar ekanmiz, endi universitetlar, institutlar professor-o‘qituvchilari o‘zlarining ilmiy-pedagogik, tashkilotchilik va tashabbuskorlik salohiyati, ma’naviy-axloqiy fazilatlariga ko‘ra rahbarlar, mutaxassislar va mutasaddilar oldida o‘tkaziladigan ochiq muloqotda tom ma’noda tanlanishi, ta’lim muassasasi rahbari bilan ma’lum muddatga shartnoma tuzishi lozim. Ularning an’anaviy tarzda tanlovdan o‘tkazilishi va nomigagina shartnoma tuzishiga barham berilishi kerak!

Fikrimizcha, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, ulardan muqobil variantlarni tanlab olish hamda yurtimiz oliy ta’lim tizimida professor-o‘qituvchilarni ishga yollashda foydalanish har jihatdan maqsadga muvofiq bo‘ladi, deb hisoblaymiz. Masalan, AQShdagi ko‘plab universitetlarda professor-o‘qituvchilar bilan ular shu universitetda 6-7 yildan kam bo‘lmagan muddatda muvaffaqiyatli ishlaganidan keyingina doimiy mehnat shartnomasi tuziladi. Lekin tomonlar o‘rtasidagi mehnat shartnomasi olti-yetti yilgacha har yili muddatli tarzda o‘sib borish tartibida tuziladi, ya’ni ularning mehnat staji ortib borgani sari mehnat shartnomasining muddati ham oshib boraveradi. Mazkur jarayonning sababi professor-o‘qituvchilarning ilmiy-pedagogik faoliyatidagi ijobiy o‘sishiga, ya’ni ularning ijodiy faoliyatiga bog‘liqdir.

Kanadaning ko‘plab universitetlarida tanlangan professor-o‘qituvchilar bilan ular egallagan lavozim uchun bir umrlik shartnoma tuziladi va bunda universitet ma’muriyatining shunday shartnoma tuzgan professor-o‘qituvchilar shartnomasini bekor qilishga qonuniy jihatdan haqqi bo‘lmaydi. Bunday huquq faqat yoshi katta professor-o‘qituvchilarga tegishli bo‘lib, yosh professor-o‘qituvchilar bilan universitet vaqtinchalik, “qisqa muddatli” shartnoma tuzadi. Sababi, qachonki yosh professor-o‘qituvchi o‘z ilmiy ishlarini nufuzli jurnallarda chop etsa, universitet ishlarida faol qatnashsa hamda, eng asosiysi, o‘quv-pedagogik mahoratini muntazam oshirib borsagina bunday darajaga erishadi. Lekin ungacha ma’lum bir vaqt talab qilinadi.

Ta’lim sifati yuqori bo‘lgan Buyuk Britaniyada ham 1980 yillardan boshlab professor-o‘qituvchilar bilan bir umrlik – muddatsiz mehnat shartnomasi tuzish qisman cheklangan. Shuningdek, bunday amaliyot Avstraliya va Yevropaning ko‘plab davlatlari oliy ta’lim muassasalarida ham hozirgacha joriy qilinmagan. MDH va Osiyoning ayrim davlatlarida ham odatda professor-o‘qituvchilar bilan muddatli mehnat shartnomasi tuziladi va keyingi muddatda tanlov asosida mehnat shartnomasi muddati uzaytirib boriladi.

Rivojlangan davlatlarning yana bir yutug‘i shundaki, ayniqsa, Yevropa davlatlarining deyarli barchasida ish beruvchi tashkilot, oliy ta’lim muassasasi nomzodni suhbat orqali ishga qabul qiladi. Buyuk Britaniyada oliy ta’lim muassasalari saytida bo‘sh ish o‘rinlari sahifasi mavjud bo‘lib, unda qaysi fakultet yoki kafedraga qanday mutaxassis kerakligi, shuningdek, qaysi toifadagi mutaxassislar murojaat qilishi mumkinligi, ular qanday talablar asosida qabul qilinishi e’lon qilib boriladi.

Ko‘rsatilgan muddatda nomzodlar talab qilingan hujjatlarni universitet saytida keltirilgan pochta manziliga jo‘natadi. Universitet ilmiy kotibi yoki tayinlangan boshqa biror mas’ul shaxs olingan hujjatlar ichidan faqat eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan nomzodlarni saralab oladi va ular uchun intervyu (inglizcha interview) – suhbat o‘tkazish kunini ma’lum qiladi. Belgilangan kunda bo‘sh ish o‘rni bo‘lgan kafedraning ikki nafar professori, universitetning yuristi, psixologi, rektor o‘rinbosarlari (vitse-rektor) va boshqa mas’ul shaxslar ishtirokida suhbat o‘tkaziladi. Suhbat jarayonida, hatto, suhbatgacha bo‘lgan saralash jarayonida ham asosiy e’tibor nomzodning ilmiy va uslubiy ishlariga qaratiladi. Suhbatdan ijobiy natija olgan nomzod bilan universitet ma’muriyati muddatli mehnat shartnomasi tuzadi.

Ko‘plab Janubiy-Sharqiy Osiyo davlatlari universitetlarida, jumladan, Malayziyada ham Yevropada bo‘lgani singari nomzodlar bo‘sh ish o‘rinlariga universitet sayti orqali murojaat qiladi. Tanlab olingan nomzodlar uchun intervyu ikki bosqichda amalga oshiriladi. Birinchi bosqichda nomzod bo‘sh ish o‘rni bo‘lgan kafedra a’zolari suhbatidan o‘tadi. Keyingi bosqichda esa universitet ma’muriyati vakillari – universitet yuristi, psixologi, ilmiy va ma’naviyat ishlari bo‘yicha rektor o‘rinbosarlari (vitse-rektor) va boshqa mas’ul shaxslar ishtirokida suhbatdan o‘tkaziladi. Mazkur bosqichlardan yaxshi natijalarga erishgan nomzodlar bilan universitet ma’muriyati o‘rtasida muddatli mehnat shartnomasi tuziladi.

Oliy ta’lim muassasasi va professor-o‘qituvchi o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi muddati tugagandan so‘ng professor-o‘qituvchi bilan universitet o‘rtasida yangi mehnat shartnomasi tuzish, amaldagi shartnomani uzaytirish yoki uni bekor qilish universitetning o‘z ixtiyorida bo‘ladi. Bu borada yurtimiz oliy ta’lim muassasalariga muddati ko‘rsatilgan mehnat shartnomasi tuzish yoki tuzmaslik bo‘yicha vakolat berilishi lozim. Shundagina oliy ta’lim muassasasiga ishga kirmoqchi bo‘lgan professor-o‘qituvchida yuqori darajada mas’uliyat paydo bo‘ladi. Shuningdek, muddatsiz shartnomalar tuzish masalasi o‘tish davrini boshidan kechirayotgan O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun hozircha maqbul variant emas.

Hozirgi vaqtda professor-o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasasiga ishga qabul qilish dunyoning turli davlatlarida har xil shaklda amalga oshirilmoqda. Ularning ba’zilarini mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi amaliyotiga joriy etish orqali bu borada ijobiy natijalarga erishish mumkin. Agar oliy ta’lim muassasasiga professor-o‘qituvchilarni an’anaviy tanlov asosida emas, yangicha tamoyillar asosida ishlab chiqilgan shartnoma tuzish tartibida ishga qabul qilishga o‘tilsa, nima o‘zgaradi?

Birinchidan, ishga kirayotgan yoki ishini yangi muddatda davom ettirishni istayotgan professor-o‘qituvchi oliy ta’lim muassasasi va uning rahbariyati oldida zimmasiga olayotgan mas’uliyatni chuqur his qiladi va katta javobgarlik tuyg‘usi bilan lavozimini ijro etishga kirishadi.

Ikkinchidan, o‘z sohasi va ta’lim tizimidagi eng so‘nggi materiallardan, ma’lumotlardan, axborotlardan doimiy ravishda xabardor bo‘lishga intiladi, ulardan dars jarayonida muntazam foydalanadi, hamkasblari va shogirdlaridan ortda qolmaslikka intiladi.

Uchinchidan, talabalar bilimini baholashda noxolislik, ta’magirlik, adolatsizlik kabi salbiy ishlardan o‘zini mutlaqo tiya oladigan bo‘ladi.

To‘rtinchidan, ilmiy salohiyatini tinmay oshirib borishdan manfaatdor bo‘lgani tufayli o‘z sohasiga doir ilmiy tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanishni kanda qilmaydi, ilmiy ishlarini mamlakatimiz va dunyoning nufuzli jurnallari, nashriyotlarida muntazam chop etib boradi, ilmiy jamoatchilik orasida tanilib, o‘z o‘rniga ega bo‘ladi.

Beshinchidan, milliy mentalitetimizdan kelib chiqqan holda o‘zining ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy fazilatlarini muntazam takomillashtirib boradi, hamkasblari, shogirdlari o‘rtasida namuna bo‘lishga intiladi va hokazo.

Eng muhimi, professor-o‘qituvchilarni oliy ta’lim muassasasiga ishga qabul qilishda ular bajaradigan vazifalardan kelib chiqib takomillashtirilgan yangi mezonlar ishlab chiqilishi, professor-o‘qituvchi bilan mehnat shartnomasi tuzayotgan universitet yoki institut rahbariyatiga amaldagi shartnoma muddati tugagandan so‘ng tegishli qonunlar asosida mehnat shartnomasi tuzish, shartnoma muddatini uzaytirish yoki qayta shartnoma tuzmaslik bo‘yicha to‘la vakolat berilishi lozim.

Mamlakatimiz ta’lim tizimida yangi davr boshlanyapti. Uzoq paytlardan buyon hukm surib kelgan qator yaroqsiz “an’analardan” voz kechilyapti. Oliy ta’lim muassasasiga ishga qabul qilish borasida ham yangi davrga mos tamoyillarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish vaqti yetib keldi. Bu borada xorijiy mamlakatlarda erishilgan tajribalar bizga asqotishi mumkin.

Rustam XOLMURODOV,

Samarqand davlat universiteti rektori,

Mardon BOLTAYeV,

universitet kengashi ilmiy kotibi.