Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Qozog‘istonda mehnat qulligida ushlab turilgan O‘zbekiston fuqarosi haqida ma’lumot berildi

Qozog‘istonda O‘zbekiston fuqarosining mehnat qulligida ushlab turilgani to‘g‘risida ommaviy axborot vositalarida xabarlar tarqalgani munosabati bilan mamlakatimizning Aqtau shahridagi Bosh konsulxonasi quyidagilarni ma’lum qildi:

"Aqto‘be viloyati politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Qozog‘iston hududida noqonuniy ravishda bo‘lgan shaxslarni topish bo‘yicha rejali tadbirlar davomida 1962 yil 2 mayda tug‘ilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi M.B. aniqlangan. Uning ish beruvchisiga nisbatan Qozog‘iston Jinoyat kodeksining 128-moddasida ko‘zda tutilgan «Odam savdosi» bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

M.B. Qozog‘istonga 1996 yilda kelgan, 2004 yilda doimiy yashash ruxsatnomasini olgan va Qozog‘istonda muntazam yashaydi.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari bilan suhbat chog‘ida M.B. hozirgi ish beruvchisiga nisbatan shikoyati yo‘qligini, ish, yashash va ish haqi shartlari o‘zini qoniqtirishini, O‘zbekistonga qaytish niyati yo‘qligini va Olmaota shahriga, Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan qizining uyiga ko‘chib o‘tishni rejalashtirayotganini bildirdi.

Jinoiy ish alomatlari yo‘qligi va mehnat qulligi faktlari tasdiqlanmagani munosabati bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ish yopildi.

Qozog‘iston hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo‘la, Shimoliy Qozog‘iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag‘anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto‘be, Atirau, G‘arbiy Qozog‘iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog‘iston, Turkiston, Jambil va Qizilo‘rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tamiz".