Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Radarlar tungi vaqtlarda uchar haydovchilarni aniqlamoqda

Ayni kunlarda respublikamizda karantin holati hukm surmoqda. Transport vositalari uchun respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, belgilangan hududlarda cheklovlar o‘rnatilgan. Cheklovlar o‘rnatilmagan taqdirda ham barcha yo‘l harakati ishtirokchilari uchun belgilangan qoidalar mavjud.

“Yo‘l harakati qoidalari”ga ko‘ra, aholi yashash joylarida yuqori tezlik cheklanganligini haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lgan barcha haydovchilar yoddan bilishadi. Bilishadi-yu, lekin qoidalarga amal qilishmaydi. Aholi yashash joylarida ayrim haydovchilar transport vositasini 130-140-150 km/soatgacha boshqarganliklarini suratlarda ham ko‘rishimiz mumkin.

Suratlar aynan shahar hududlarida o‘rnatilgan tezlik o‘lchovchi radarlardan olingan.

Karantin vaqtida transport vositalari harakati ko‘plab hududlarda cheklangan bo‘lishiga qaramasdan, aynan o‘sha hududlarda o‘zboshimchalik bilan transport vositasini boshqarib, qoidalarni buzib, YTH sodir etgan haydovchilar hamon uchramoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda YPX xodimlari tomonidan aholi yashash joylarida o‘rnatilgan tezlik o‘lchovchi radarlar doimo muhokama ostida bo‘lgan. Lekin yuqoridagi kabi 130-140-150 km/soatgacha harakatlanadigan uchar haydovchilar qachondir, kimningdir bu dunyodan erta ko‘z yumishiga sababchi bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylaydiganlar kamayib bormoqda.

IIV YHXBB haydovchilardan yo‘llarda harakatlanganda “Yo‘l harakati qoidalari”ga amal qilishlarini, o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘ymasliklarini so‘ragan.