Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rasul Kusherbayev: “Jarimaning 70 foizi to‘lansa, qolganidan ozod bo‘lish mumkin”

Huquqbuzar jarima solish haqida qaror topshirilgan kundan boshlab o‘n besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizini ixtiyoriy to‘lagan taqdirda, u jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi bo‘yicha Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi modda kiritilmoqda.

Bugun qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Kodeksga yangi kiritilayotgan 332-1 moddaga ko‘ra:

- ma’muriy jarima sud tomonidan tayinlanganda;

- jarima solish to‘g‘risidagi qaror xususida shikoyat berilgan yoki protest berilganda;

- xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilganda ushbu tartib qo‘llanilmaydi.

O‘tgan davrda Ichki ishlar organlari tomonidan solingan jarimalarning ixtiyoriy ravishda to‘langan ko‘rsatkichlari baland emasligi ma’lum bo‘ldi. Bu ko‘rsatkich 2017 yilda 43 foizni, 2018 yilda esa 55 foizni tashkil etgan.

Xorijiy mamlakatlar qonunchiligida (Angliya, Fransiya, Ispaniya, Italiya, Rossiya, Qozog‘iston kabi) huquqbuzar jarimaning 70 yoki 50 foizini qonunchilikda belgilangan muddatda (joyning o‘zida yoki 7, 15, 20 yohud 21 kunda) to‘lasa, jarimaning qolgan qismini to‘lashdan ozod qilinishi belgilangan.

Yodda tutish kerakki, ushbu qonun loyihasi qabul qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi hamda mazkur qonun kuchga kirgandan so‘ng chiqarilgan jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarga tadbiq etiladi.

Yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq jarimalarni to‘lash masalasi fuqarolarni nisbatan ko‘proq bezovta qilishini inobatga olib, kemeralar bilan bog‘liq jarayonda muammolar kelib chiqmasligi uchun loyiha ustida ko‘proq tortishishga to‘g‘ri keldi.