Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiya imperiyasi davrida Samarqand (2-maqola)

Samarqand viloyatini 1886 yildan 1917 yilga qadar 8 ta gubernator boshqargan bo‘lib, o‘rta hisobda ularning har biriga 3-4 yil muddatdan to‘g‘ri kelgan. Arxiv hujjatlari bu gubernatorlar - A.Yafimovich, N.Rostovsev, M.Federov, V.Medinskiy, A.Gasket, A.Galkin, N.Likoshin kabilarning faoliyatiga oid keng ma’lumotlar beradi. Ularning barchasi ma’lumotli, zodagon dvoryanlar bo‘lgan. Viloyat harbiy gubernatorlarining maoshi 15 ming rublgacha bo‘lib, bu markaziy Rossiyadagi gubernatorlarnikidan 2 barobar ko‘p edi.

Samarqand viloyati boshqarmasi quyidagi shtatlardan iborat bo‘ldi:

1) Viloyat boshqarmasi raisi (shuningdek, harbiy gubernator yordamchisi); 2) Maslahatchilar (bo‘lim boshliqlari); 3) Ish yurituvchilar; 4) Ish yurituvchilarning yordamchilari; 5) Buxgalter; 6) Tarjimon.

Viloyat boshqarmasi raisi, shuningdek, harbiy gubernator yordamchisi hisoblangan. U harbiy gubernator tobi qochgan, yo‘q bo‘lgan yoki bo‘shatilgan hollarda uning xizmat vazifasini bajargan. Gubernator yordamchisi general-gubernator taqdimnomasi orqali ishga tayinlangan.

Samarqand viloyati boshqarmasi vazifasiga quyidagilar kirgan:

- viloyatni ma’muriy bo‘lish va tashkil etish;

- hukumat qonun va farmoyishlarini e’lon qilish;

- amaldorlarni ishga tayinlash, ishdan chetlatish va mehnat ta’tili berish, mukofotlarga takdim etish, nafaqa va maosh belgilash, mansabdor shaxslarni sudga topshirish;

- chet elliklarni fuqarolikka qabul qilish;

- aholi o‘rtasida yerni taqsimlash;

- viloyatda obrok (Chor imperiyasi davrida pul tarzida olingan yillik yig‘im) bo‘limlarini boshqarish;

- viloyatda yarmarka va bozorlarni ta’sis etish;

- viloyatning statistik ma’lumotlarini to‘plash-mahalliy aholidan soliq va to‘lovlarni olish;

- fuqarolik va jinoyat ishlarini sudda ko‘rilishga tayyorlash - maxfiy va krepostnoylik hujjatlarini tuzish;

- viloyatdagi barcha savdo va pudratlarni yurgizish, shartnomalar tuzish.

Shuningdek, viloyatda mavjud bo‘lmagan maxsus muassasalarni boshqarish ham viloyat boshqarmasiga yuklangan edi. Bular gubernator devonxonasi, gubernya vrachlik mahkamasi, davlat mulki palatasi, okrug sudlari va hokazo.

Bulardan tashqari, tibbiy nazorat viloyat vrachiga yuklangan. U gubernya vrachligi nazoratchisi huquqlaridan foydalangan va bevosita harbiy gubernatorga bo‘ysungan.

Viloyat boshqarmasi qoshida irrigatsiya ishlarini boshqaruvchi amaldor bo‘lib, asosiy sug‘orish kanallari, sug‘orish ariqlariga qo‘shimcha bo‘lgan va ulardan ajralib chiquvchi sug‘oruvchi kanallari, suv o‘tkazgichlarini nazorat qilish, yangi irragatsiya inshootlarini, mavjud inshootlarni yaxshi tutish, ta’mirlash va qayta qurishda texnik ko‘rsatmalar bergan.

Turkiston o‘lkasida yerlarni tashkil etish zarurati bilan bog‘liq ravishda Samarqand viloyati boshqarmasi qoshida chegara belgilash bo‘limi ham tashkil etilgan.

Xo‘jalik, moliyaviy, ssuda masalalari umumiy boshqaruv ishtirokidagi majlislarda muhokama qilingan. Mazkur masalalarga mas’ul maslahatchi va amaldorlar general-gubernator tomonidan ishga tayinlangan va ishdan olingan. Yuqoridagilarning barchasi viloyat boshqaruvidagi tashkilot va tarkiblari edi.

Viloyatlar o‘z navbatida, tumanlarga (uyezdlarga) bo‘linib, ularni tumanboshilar idora qilgan. Har bir tuman o‘z tarkibidagi shahar va qishloqlar bilan tuman hokimi - tumanboshiga bo‘ysungan. Tumanboshi shuningdek, uyezddagi harbiy qo‘shinlarni ham boshqargan. Uyezd boshliqlari viloyat harbiy gubernatorlarining taqdimnomasiga ko‘ra, general-gubernator tomonidan tayinlanib, ishdan olingan. Uyezd boshliqlari rus armiyasi katta zobitlaridan, asosan, mayor, rotmistrdan to polkovnik unvonigacha bo‘lganlardan tayinlangan. Uyezd boshlig‘i bir vaqtning o‘zida ispravnik, politsmeystr, zemstvo boshlig‘i, shahar hokimi, yer-soliq xizmati raisi ham edi.

Uyezd boshqaruvining shaxsiy tarkibiga uyezd boshlig‘idan tashqari uning yordamchilari va devonxona xodimlari ham kirgan. Uyezd boshlig‘i qoshida devonxona bo‘lib, uni ma’muriy ishlar bo‘yicha yordamchi boshqargan.

Uyezd ma’muriyati zimmasiga g‘azna-obrok ishlarini nazorat qilish, soliqlarni hisoblash, ichki tartibni kuzatish, yer-suv tufayli kelib chiqqan nizolarni hal qilish, uyezdni, volost va qishloq ma’muriyatlari faoliyatini nazorat qilish borasidagi ko‘p sonli ishlarni boshqarish yuklangan. Ayniqsa, bu borada uyezd boshliqlariga volost boshqaruvchilari va qishloq oqsoqollariga boshqaruv borasidagi majburiyatlari, o‘z huquq va majburiyatlarini anglab, faoliyat olib borish yuzasidan qattiq talab qo‘yilgan.

Jumladan, uyezdlarda yer-soliq mahkamasi tuzilgan bo‘lib, bu mahkama uyezd boshlig‘i vakilligidan iborat bo‘lib, soliq inspektori, uyezd davlat mulki boshlig‘i, uyezd boshlig‘i yordamchisi va uyezd yer o‘lchovi nazoratchilaridan tashkil topgan. Yer-soliq mahkamasi vazifasiga quyidagi yerlar to‘g‘risida ma’lumot to‘plash kirgan:

  1. O‘troq qishloq aholisiga birkitilgan yerlar;
  2. Vaqf vakolatxonasiga qarashli yerlar;
  3. Xususiy yer egalari;
  4. Rus qishloqlari, shuningdek, iste’fodagi va zaxiradagi quyi amaldorlarga ajratilgan yerlar.

Shaharlar boshqaruvi viloyat boshqaruvi nazoratida bo‘lib, «1867 yil Nizomi»ga ko‘ra, jamoat - xo‘jalik ishlari shaharda saylanuvchi mahalliy ma’muriyat tomonidan amalga oshirilgan. Shaharlar qismlarga bo‘linib, ularni oqsoqollar boshqargan. Ular mahallalardan tayinlangan saylovchilar qurultoyi tomonidan saylangan. Mahalliy ma’muriyat (oqsoqol, ellikboshi) 3 yil muddatga saylangan. Shahar oqsoqollari soliq yig‘ish va majburiyatlarni taqsimlash bilan shug‘ullangan. Ular harbiy gubernatorlar tomonidan tayinlanuvchi va shahar doirasida politsiya xizmatini boshqaruvchi katta oqsoqolga bo‘ysungan. Katta oqsoqolga barcha quyi politsiya amaldorlari-mirshablar, miroblar va qozilar bo‘ysungan. Ularning barchasiga shahar aholisidan yig‘iluvchi mablag‘ hisobidan maosh to‘langan.

Uyezdlar uchastka (jabha)larga bo‘linib idora qilingan. Samarqand viloyati 11 ta uchastkaga bo‘lingan. Uchastkalarni kichik unvondagi harbiy zobitlar boshqarishgan. Ular uchastka pristavlari nomi bilan yuritilib, viloyat boshqarmasi qarori bilan general-gubernator tomonidan tasdiqlangan.

Uchastka pristavlari «harbiy - xalq boshqaruvi»dagi harbiy bo‘g‘inning eng quyisi bo‘lib, ularga «mahalliy o‘z-o‘zini boshqaruv», ya’ni «xalq boshqaruvi» amaldorlari - volost boshqaruvchilari, qishloq oqsoqollari, yuzboshi hamda ellikboshilar bo‘ysungan. Ular soliq yig‘ish, majburiyatlar, uyezd boshliqlari chiqargan qarorlar va ko‘rsatmalarning joylarda bajarilishini hamda uchastkalardagi aholini nazorat qilish bilan shug‘ullangan.

Uyezd boshlig‘i, ularning yordamchilari va uchastka pristavlari hududda qonunni buzgan, ma’muriy tartibsizlik qilgan mahalliy aholiga jarima solish va jazolash huquqiga ega edi. Uyezd boshliqlari qo‘l ostidagi istalgan kishini 7 kundan ortiq hibsda ushlamasligi va 15 rubldan ziyod pul undirmasligi va shuningdek, uyezd boshliqlari yordamchilari va uchastka pristavlari ham istalgan kishini 5 kundan ziyod hibsda ushlamasligi va 5 rubldan ziyod pul undirmasligi lozim edi. Undirilgan pullar asosiy kapital sifatida Samarqandda qamoq joylarini tartibga solish vositalarini kuchaytirishga sarflangan.

Aytish joizki, mustamlaka davrida boshqaruv tizimidagi ma’murlarga davlat g‘aznasidan maosh belgilangan. Mansabdor shaxslar o‘z navbatida, egallagan ijtimoiy mavqeiga qarab razryadlarga bo‘lingan va shunga muvofiq maosh belgilangan. Masalan, Zarafshon okrugi boshlig‘i maoshi - 5000 rubl miqdorida belgilangan. Uning favqulodda sarf-xarajatlariga - 6000 rubl ajratilgan. Agar okrug boshlig‘i biron bir mansabni egallagan bo‘lsa, unda u oladigan maosh miqdoriga qo‘shimcha oklad bilan birgalikda 5000 rublga teng mikdorda maosh tayinlangan.

Quyidagi jadvalda, uyezd boshqaruvidagi amaldorlar shtatiga e’tiborni qaratsak:

2.3-jadval.

Lavozimlar

Razryadlar va maoshlari (rubl)

I

II

III

IV

Uyezd boshlig‘i

4000

3700

3450

3200

Uyezd boshlig‘i yordamchisi

3300

3000

2700

2400

Uchastka pristavi

2400

2200

2000

1800

Uning yordamchisi

1800

1600

1400

1200

Uyezd politsiyasi xizmatidagi kichik unvondagi kishi

1200

1040

880

720

Ot qorovuli

720

680

640

600

Piyoda soqchi

600

560

520

480

Bunda turli ryazryaddagi amaldorlarga har xil miqdorda maosh belgilangan bo‘lib, bu ularning harbiy unvoni darajasi, mavqei, obro‘yini bildirgan. Lekin bu quyi boshqaruv tizimidagi mahalliy vakillarga mutlaqo tegishli emasdi. Ya’ni, ularga byujetdan mablag‘ ajratilmasdi. Ularga (oqsoqollar, raislar, zakotchilar, qozilar, biylar) haq to‘lash turli darajadagi yig‘inlarning qarori bilan belgilanar va to‘la-to‘kis aholining zimmasiga yuklanardi.

Chor hukumatining boshqaruv borasidagi siyosati haqidagi fikrimizni davom ettirib, «mahalliy o‘z-o‘zini boshqaruv» to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz. Chor hukumati siyosiy nuqtai nazardan kelib chiqib, qishloq, uning boshqaruvini mahalliy va rus boshqaruvi sifatida ajratib, uni asta-sekin umumimperiya turidagi ruscha idoraga o‘tkazishni ko‘zladi. Shu maqsadda O‘rta Osiyoga mutlaq yot bo‘lgan geografik islohotni boshlab, volost, qishloq yig‘ini kabilarni joriy qildi. 1867 yildagi «Turkiston general-gubernatorligi viloyatlarni boshqarish haqidagi Vaqtli Nizom loyihasi» deb atalgan qonunlar majmuasiga ko‘ra, ko‘chmanchi aholiga ikki bosqichli (volost va ovullar) o‘troq aholiga esa bir bosqichli (oqsoqolliklar) boshqaruv tizimi joriy qilindi.

Ko‘chmanchi aholi har bir uyezdda volostlarga, volostlar esa ovullarga bo‘lingan. Volost asosining 1 mingdan 2 mingtagacha hovli yoki o‘tovdan, qishloq yoki ovul jamoalari 200 ta hovli yoki o‘tovdan iborat bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Ma’muriy va politsiya hokimiyati volost boshqaruvchilari va ovul oqsoqollari qo‘lida bo‘lib, ular uch yil muddatga saylangan. Volost boshqaruvchisi va aminlar harbiy gubernator tomonidan tayinlangan. Faqatgina ba’zi hollarda uyezd boshqaruvchisi volost boshqaruvchisini harbiy gubernatorga taqdimnoma yetkazish orqaligina chetlatilishi mumkin edi. Shuningdek, qishloq oqsoqoli va uning yordamchisi ham, uyezd boshlig‘i tomonidan ishdan bo‘shatilgan.

Viloyatlarning o‘troq aholisi uchun ma’muriy va politsiya xokimiyatini qishloq oqsoqoli boshqarib, u aholi tomonidan uch yilga saylanar, ularning nomzodlari ham rus ma’muriyati tomonidan tasdiqlanardi. Umuman, volost boshqaruvchilari, qishloq oqsoqollari va ularning yordamchilari halq saylovi bilan 3 yil muddatga saylangan.

Saylovchilar yig‘inida har o‘n xonadon yoki o‘n o‘tovdan vakil ishtirok etib, ular o‘nboshi sifatida qishloq oqsoqoli yoki ovul starshinasi hamda ularning muovinlarini saylashgan. Volost boshqaruvchisi - mingboshini esa har 50 xonadon yoki 50 o‘tovdan tayinlangan vakillar - ellikboshilar yig‘ini saylagan. Bu tartibga 1886 yilda bir necha o‘zgarishlar kiritilgan. 1886 yilda kuchga kirgan yangi qonunlar majmuasi - «Turkiston o‘lkasini boshqarish haqidagi Nizom» o‘troq aholining bir bosqichli boshqaruvini ikki bosqichliga aylantirib, oqsoqolliklarni volostlarga birlashtirdi. Ovul jamoalari va oqsoqolliklar vakillari yig‘ini umumsaylovchilar yig‘iniga har 50 xonadondan vakillar saylash bilan o‘zgartirilgan.

Shokir G‘AFFOROV,

tarix fanlari doktori, professor.

(Davomi bor).