Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Rossiyada ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Rossiyaning Omsk viloyatida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasida ikki nafar O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi. Bu haqda TIV konsullik-huquqiy departamenti xabar bermoqda.

O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 2019 yilning 30 avgust kuni Omsk viloyatining Moskalenki tumanidagi avtomobil yo‘lida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berib, uning oqibatida uch kishi, xususan O‘zbekiston fuqarolari A.S. va N.M. halok bo‘ldi. O‘zbekiston fuqarolari G.S. va M.A. turli darajadagi ko‘p sonli og‘ir jarohatlar olib, Moskalenki tuman kasalxonasiga yotqizildi.

Ularga tegishli yordam ko‘rsatilmoqda hamda Omsk shahridan mutaxassislar ham chaqirtirildi.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi, Omsk viloyati huquqni muhofaza qiluvchi organlari va davolovchi shifokorlar bilan aloqa o‘rnatgan. Hozirda hamyurtlarimizning jasadlarini vatanga yuborish va jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalar hal qilinmoqda.

Omsk viloyati Yo‘l harakati xavfsizligi davlat inspeksiyasi xabariga ko‘ra, mazkur hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Konsullik-huquqiy departamenti marhumlarning oila a’zolari va yaqinlariga hamdardlik izhor etadi hamda Rossiyaning Sibir federal okrugi (Oltoy Respublikasi, Oltoy o‘lkasi, Buryatiya Respublikasi, Irkutsk viloyati, Baykal orti o‘lkasi, Kemerovo viloyati, Krasnoyarsk o‘lkasi, Novosibirsk viloyati, Novosibirsk shahri, Omsk viloyati, Tomsk viloyati, Tuva Respublikasi, Hakasiya Respublikasi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga ular zarurat tug‘ilgan holatlarda mamlakatimizning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-383-246-04-85, +7-383-246-04-84, +7-383-246-04-63, +7-383-246-04-64.