Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanidagi elektr ta’minoti korxonasi mansabdor shaxslarining firibgarligi fosh qilindi

Samarqand tumanida yashovchi fuqaro M.To‘rayeva Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limiga murojaat qildi.

Uning murojatida aytilishicha, “Do‘stlik” elektr ta’minoti korxonasi xodimi Rifat ismli shaxs firibgarlik yo‘li bilan M.To‘rayevaning ishonchiga kirgan. Xonadoniga o‘rnatilgan elektr hisoblagich kuyib qolganligini, uni yangisiga almashtirish kerakligini va elektr energiyasidan 302 ming so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligini aytgan. Qarzdorlikni yo‘qotish va yangi elektr hisoblagich o‘rnatib berish uchun oldin 200 AQSh dollari, keyin esa yana 400 ming so‘m berishini talab qilib, 50 AQSh dollari olgan.

Shuningdek, fuqaro D.Bahromov tomonidan ham murojaat qilingan. U shu yilning may oyi oxirida o‘ziga tegishli bo‘lgan “Doniyor Plast Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyatida iste’mol qilingan elektr energiya uchun to‘lovlarni bank muassasasi orqali amalga oshirolmagach, “Do‘stlik” elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Sh.Salimovga murojaat qilgan. Sh.Salimov 1 million 600 ming so‘m pulni qabul qilib olib, uning hisob-raqamiga o‘tkazib bermagan. Shundan so‘ng bir oy o‘tib, iyun oyining oxirida Sh.Salimov Farhod ismli xodimi orqali yana 1 million 700 ming so‘m pullarni ham olgan. Lekin “Doniyor Plast Polimer” mas’uliyati cheklangan jamiyatining hisob-raqamiga o‘tkazmasdan kelgan.

Mazkur holat yuzasidan Majburiy ijro byurosi Samarqand tumani bo‘limi tomonidan “Do‘stlik” elektr ta’minoti korxonasining mansabdor shaxslariga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tuman prokuraturasiga yuborilgan.

Majburiy ijro byurosi Samarqand viloyati boshqarmasi.