Samarqand xalqaro aeroportida yangi terminal qurilishi boshlandi
Davlatimiz rahbarining viloyatimizga tashrifi chog‘ida Samarqand xalqaro aeroportini zamon talablariga mos darajada rekonstruksiya qilish, xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish, qolaversa sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun yangi loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgandi.
Bugun mazkur vazifa ijrosi doirasida Samarqand xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari, Transport vaziri A.Ramatov, viloyat hokimi E.Turdimov va soha mutasaddilari ishtirokida belgilangan loyihalar o‘rganib chiqildi.
Rejaga ko‘ra, 2019-2020 yillarda Samarqand xalqaro aeroportida xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish uchun yangi terminal quriladi va uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilinib, samolyotlar turargohini kengaytiriladi hamda radiolokatsiya tizimlari takomillashtiriladi. Buning uchun 15 oktyabrdan boshlab bir yarim oy davomida ushbu havo darvozasi faoliyati vaqtincha to‘xtatilib, yangi asfalt qoplamasi yotqiziladi.
– Mazkur loyihalar amalga oshgach, aeroportda soatiga 600 nafar xorijiy va mahalliy mehmonlarga xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi, – deydi A.Ramatov. – Hozirda kuniga 2-3 samolyot parvoz qilayotgan bo‘lsa, aeroport zamonaviy qiyofaga kirgandan so‘ng bir kunda 20 dan ortiq reys amalga oshiriladi. Yangi terminalni bunyod etish ishlari mahalliy qurilish korxonalari tomonidan amalga oshiriladi.
Baxtiyor MUSTANOV.