Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 2019 yilda yuzaga kelgan 3200 ga yaqin oilaviy ajrimda to‘ylarni dabdabali o‘tkazish ham sabab bo‘lgan

Bu haqda Samarqand viloyati hokimligida to‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni tartibli, ortiqcha dabdabasiz o‘tkazishga bag‘ishlangan yig‘ilishda so‘z yuritildi.

Viloyat hokimi E.Turdimov rahbarligida videoselektor tarzida o‘tgan anjumanda ta’kidlanishicha, 2019 yilda Samarqandda 32 ming 224 ta nikoh qayd etilgan. Shu bilan birga, viloyatda 841 oila qonuniy nikohdan o‘tmay, shar’iy nikoh bilan yashamoqda. Bunday oilalar birgina, Samarqand shahrida 128 tani tashkil etmoqda.

O‘tgan yil viloyat bo‘yicha 3191 ta, jumladan, Samarqand shahrida 600 ta oilaviy ajrim yuzaga kelgan. Ushbu ajrimlarga to‘ylarning ortiqcha sarf-xarajat, dabdaba bilan o‘tkazilgani ham sabab bo‘lgani afsus bilan qayd etildi.

Xususan, Tutzor mahallasida ikki yosh oila - birida kelinning “to‘y xarajatlarini mening dadam ko‘tardi”, degan iddaolari, ikkinchisida qaynonaning “bu kelin biz to‘yda qilgan katta xarajatlarga arzimaydi”, degan vaji bilan parokanda bo‘ldi.

Navbog‘chiyon mahallasida yosh kelin-kuyov dabdabali to‘ydagi qarzlarni to‘lash uchun xorijga ishga ketib, o‘sha yerda yangi oilaga darz ketgan.

Maqsud Shayxzoda mahallasidagi yangi oila ham to‘y tufayli olingan qarzlarni uzish maqsadida Rossiyaga ishga ketgan. Ammo u yerda kelin noqonuniy ishlarga aralashib qolib, ozodlikdan mahrum etilgan va bu oila ham ajralishgan.

Afsuski, bunday misollar juda ko‘p va achinarlisi, bu boshqalarga saboq bo‘lmayapti.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati Kengashlari tomonidan 2019 yil 14 sentyabrda “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilingan va bu qaror 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan bo‘lsa-da, hali hanuz ortiqcha hoyu-havasga berilgan, amaldagi tartibga rioya qilmagan kishilar uchrayotgani yig‘ilishda keskin tanqid qilindi.

Jumladan, Samarqand tumanining Xo‘ja Ahror Valiy va Shirinobod mahallalarida yashovchi fuqarolar tomonidan 4-5 yanvar kunlari belgilangan qoidalarga zid tarzda to‘ylar o‘tkazilgani, ayni paytda ularga nisbatan tegishli javobgarlik choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.