Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida o‘qish boshlandi

5 sentyabr kuni Samarqanddagi Hadis ilmi maktabida ilk o‘quv yili boshlandi.

Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida tashkil etilgan Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayonlari boshlanishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i S.Sherxonov, Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Sh.Minavarov, Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari D.Mamatqulov hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Mazkur oliy diniy ta’lim muassasasi Islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur o‘rganish, ular tomonidan asos solingan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, ular qoldirgan boy ilmiy merosni o‘rganish, tadqiq qilish orqali xalqimiz va keng jamoatchilikka yetkazish va targ‘ib qilish, xususan hadis va unga doir ilmlarni chuqur o‘zlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Eng muhimi, maktab oldiga “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori asosida murosasizlik, ekstremizm va terrorizmning har qanday ko‘rinishlariga ilm-ma’rifat, yuksak odob-axloq bilan qarshi turishdek katta vazifalar qo‘yilgan.

Joriy yilning 9-10 iyul kunlari Hadis ilmi maktabiga qabul imtihonlari o‘tkazilib, 100 nafarga yaqin talabgorlar orasidan 12 nafar iqtidorli yoshlar saralanib olindi. Ular yangi ta’lim muassasasining ilk tinglovchilari sifatida bugundan o‘qishni boshladi.