Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘ldi

Kecha, 25 sentyabr kuni soat 14:08 da Qavola MFYda joylashgan “Zar mebel” oilaviy korxonasiga qarashli mebel ishlab chiqarish sexida yong‘in sodir bo‘layotganligi haqida Samarqand shahar yong‘in-qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan.

Xabar asosida yong‘inni bartaraf etishga 4 ta yong‘in o‘chirish bo‘linmalari jalb etilgan. Birinchi bo‘linmalar voqea joyiga 12 daqiqada yetib borganda «Zar mebel»ga qarashli mebel ishlab chiqarish sexining ichki qismi quyuq qora tutun bilan qoplangan holda ochiq alanga bilan yonayotganligi ma’lum bo‘lgan.

Yong‘in soat 14:45 da o‘rab olinib, 16:10 da bartaraf etilgan. Tan jarohati olganlar va halok bo‘lganlar qayd etilmagan. Yong‘in oqibatida ishlab chiqarish sexining 95 kvadrat metr maydonida - tomi, ichki qismi, jihozlari va tayyor mahsulotlar yonib zararlangan.

O‘zbekiston Respublikasi FVV YoXBB OAV bilan hamkorlik qilish bo‘linmasining xabar berishicha, yong‘inga sababi ishlab chiqarishda texnologik reglamentning buzilishi, deb taxmin qilinmoqda. Moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.