Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik “Milliy ittihod”chilar kimlar?

1937 yilda, ya’ni sovet tuzumi mamlakatda aholining turli qatlamlari orasida qatag‘onning yangi to‘lqinini avj oldirgan bir paytda sho‘rolarning jazo quroliga aylangan NKVD xodimlari Samarqand shahrida ham o‘nlab kishilarni «Milliy ittihod» (milliy birlik) tashkilotining a’zosi sifatida qamoqqa oldi. Ularning barchasi madrasada tahsil ko‘rgan, ba’zilari rus-tuzem maktablarini bitirgan, ma’lum qismi texnikum, oliygohlarda o‘qigan ziyoli odamlar edi. Aslida 1920-1925 yillarda faoliyat yuritgan, uning rahbarlari esa 1929-1930 yillarda qamoqqa olinib, 1931 yilda Moskva, Toshkentda otib tashlangan bu tashkilot a’zolarini oradan olti-yetti yil o‘tib, yana qidirib topib, jazoga tortish kimga va nimaga kerak bo‘lib qolgandi?

Qonsiragan tuzum va uning ajdaho rahbaru gumashtalari uchun yangi-yangi qurbonlar muntazam zarur edi. Ular shu yo‘l bilan xalq ongidagi istiqlol orzusini butunlay o‘chirish niyatida bu g‘oyalardan ozmi-ko‘pmi xabardor, ularni odamlarga yetkazishga qodir biror-bir kishining ozodlikda yurishiga (aniqrog‘i tirik qolishiga) yo‘l qo‘yolmasdilar.

Filologiya fanlari doktori, akademik Naim Karimovning qayd etishicha, 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng iyul oyida milliy istiqlol orzusi bilan yashagan mahalliy ziyolilar Toshkentda «Turk adam markaziyat»  firqasini tashkil etganlar. Turkistonda federativ davlat tizimini barpo etishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan bu firqadan tashqari o‘sha kezlarda «Ittihod va taraqqiy» («Ittihodi taraqqiy») tashkiloti ham tuzilib, 1920 yilga qadar faoliyat olib borgan. Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida bolsheviklarning kundan-kunga kuchayib borayotgan mavqei mahalliy ziyolilarni 1920 yilda «Turk adam markaziyat» firqasi hamda «Ittihod va taraqqiy» tashkiloti negizida «Milliy ittihod» tashkilotini tuzishga undagan. Ushbu tashkilotning vujudga kelishida (1920-1924 yillarda faoliyat olib borgan) Munavvar Qori Abdurashidxonov va Sadriddinxon Sharifxo‘jayev tashabbuskor bo‘lgan.

Ushbu tashkilotning Samarqand viloyat sho‘’basi ham tuzilgan edi. Unga Abduaziz Abdug‘ofurov, Abduvahob Ma’rufjonov, Abduqodir Shakuriy, Abdumajid Zokiriy, Abduhakim Qurbi, Abubakr Abulxayrov, Akobir Shomansurov, Bahriddin Sharipov, Bektosh Narzullayev, Vadud Mahmudov, Zaynitdin Nazritdinov, Mansur Xo‘jayev, Ma’rufjon Rasuliy, Mirzaxalil Karimov, Mirzaxo‘ja O‘rinxo‘jayev, Murodjon Fayzulin, Murodxon Allaxo‘jayev, Narzullabek Rustamov, Salohiddin Sulaymonov, Tilov Rahmatullayev, Topiboldi Rahmonberdiyev, Xoja Muin Shukurullayev, Shamsitdin Mavlonov, Shoqobil Karimov, Qozi Haydarbek Abdusaidov, Qosim Bobojonov va boshqalar a’zo bo‘lgan edi.

Shunisi e’tiborliki, ushbu tashkilot a’zoligiga asosan o‘z davrining yetuk kishilari – yurt istiqloli yo‘lida muhim ishlarni amalga oshirishga qodir o‘qimishli, ziyoli shaxslar qabul qilingan.

Ular ustidan o‘sha yillarda o‘tkazilgan sud hujjatlari bilan tanishar ekansiz, bunga yana bir karra amin bo‘lasiz. “Aybi” Vatanini ozod ko‘rish, xalqini ma’rifatli qilish bo‘lgan bu zotlarning boshiga qanday tuhmatlar yog‘dirilmagan deysiz. Keling, hujjatlarning ayrimlarini varaqlab ko‘raylik.

Masalan, 1897 yilda Samarqandda tug‘ilgan Hamro Xo‘jayev millatchi sifatida VKP(b) safidan chiqarilgach, unga “aksilinqilobchi “Milliy ittihod” tashkilotining a’zosi bo‘lgan” deya ayb qo‘yish bilan cheklanmay, “Afg‘oniston bilan aloqa o‘rnatgan, siyosiy xodimlarni o‘ldirishni tashkil etish bilan bog‘liq maxsus maxfiy ijrochi, O‘zbekistonni SSSRdan ajratib olish masalalarini muhokama qilishda faol ishtirok etgan, zararkunandalik, buzg‘unchilik faoliyatini olib borgan” degan ayblarni ham bo‘yniga ilishadi. Bular o‘sha VKP(b)ning g‘oyalariga ishongan, turli yuqori lavozimlarda ishlagan kishi boshiga tushgan qora kunlar edi.

Yoki Mulla Lutfi Rahmatullaboyevning 5769-sonli ishiga nazar solaylik. “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi sifatida 1937 yilda 70 yoshida otuvga hukm qilingan bu kishi 1927 yildayoq “aksilinqilobiy faoliyati uchun” deb besh yil muddatga qamalgan edi. Shundan so‘ng 1932 yilda maxsus posyolkaga surgunga yuborilgan. O‘n yil tortgan azob-uqubatlari bilan cheklanmay, sho‘ro hukumatining uni o‘ldiribgina ko‘ngli joyiga tushgan bo‘lsa ajabmas.

1883 yilda tug‘ilgan, ma’rifatparvar, 1900 yillarning boshida xalq farzandlari uchun yangi usuldagi maktab ochgan Ismatulla Rahmatullayev esa “aksilinqilobiy millatchi, “Milliy ittihod” tashkiloti a’zosi” deb hibsga olingan vaqtda Samarqandda kutubxona mudiri bo‘lib ishlardi. Unga yana “aksilinqilobiy targ‘ibot olib borgan, xotin-qizlar ozodligiga qarshi fikr bildirgan” degan ayblarni ham to‘nkashdi va o‘n yilga qamoq lagerlariga jo‘natishdi.

1870 yilda tug‘ilgan Qori Zikr Hamidboyev, 1888 yilda tavallud topgan Salohiddin Sulaymonovning taqdirlari ham shunday bo‘ldi.

Xullas, bu muxtasar maqolada biz qatag‘on yillari aslida faoliyatini 1925 yilning boshida to‘xtatgan ziyolilar tashkiloti a’zolaridan bir nechtasining taqdiri haqida to‘xtaldik. Holbuki, Samarqand viloyati bo‘yicha ularning soni yuzdan ziyod edi. Qo‘limizda bunday insonlar haqida ozmi-ko‘pmi ma’lumotlar mavjud. Nasib etsa, vaqti kelib samarqandlik bu vatanparvar, millat fidoyilari to‘g‘risida risolalar bitish niyatimiz ham yo‘q emas.

Mustamlakachilik davrida xalqimizning o‘n minglab farzandlari dastlab chor, so‘ngra sho‘ro hokimiyati yillarida hukm surgan adolatsizlikning qurboni bo‘lishdi. Manglayiga “xalq dushmani”, “aksilinqilobchi”, “millatchi” singari siyosiy tamg‘alar yopishtirilgan vatandoshlarimizning pok nomlari tarix sahifalaridan o‘chirilib, ular nomi bilan bog‘liq xayrli ishlar esa unutildi. Aslida bunday kishilar uchun Vatan va xalq manfaatidan ulug‘ narsa bo‘lmagan. Shunday vatanparvar, taraqqiyparvar ajdodlarimizni yod etish, ularning eng yaxshi an’analarini davom ettirish, fazilatlaridan ibrat olish bizning burchimiz hamda ayni paytda mamlakatimiz kelajagining kafolatidir.

Muzaffar MUQIMOV,

Qatag‘on qurbonlari xotirasi viloyat muzeyi xodimi.