Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandning lalmi yerlarida eronliklar beda, uzum va pomidor yetishtirmoqchi

Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasida navbatdagi investitsiya kuni munosabati bilan 3 nafar tashabbuskor tadbirkor o‘z takliflari bilan ishtirok etishdi.

Jumladan, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi “Elmakon” korxonasi direktori X.Abdurahmonov Samarqand shahridagi “Sino” zavodini sotib olish, «Jahongir teks savdo» oilaviy korxonasi rahbari J.Jalilov xitoylik investorlar bilan hamkorlikda mehmonxona qurish uchun yer maydoni ajratish taklifini bildirdi. Eronlik tadbirkor Vanagam Fikranyan “SAM VAN OIL” qo‘shma korxonasi rahbari 5 ming gektar lalmi yer maydoni ajratilishida amaliy yordam so‘radi.

- Bu yerda quduqlar qazib suv chiqarishni rejalashtirganmiz va beda ekmoqchimiz, - dedi “SAM VAN OIL” qo‘shma korxonasi rahbari. – Bir qarashda bu ekinni ekish samarasizdek ko‘rinadi, ammo biz bu chorva ozuqasini eksport qilamiz. Masalan, sizlarda bu ozuqani o‘rib eng foydali qismi, ya’ni barglari to‘kilib ketgach, foydasiz bo‘lib qolgan qismidan chorva ozuqasi sifatida foydalanilarkan. Bizda esa yer tanqis bo‘lganligi uchun uni plastik o‘ramaga o‘rab boshqa davlatga eksport qilinadi. Besh yildan so‘ng bu maydonlarda boshqa qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiramiz. Yurtingizda qishloq xo‘jaligidagi yangi innovatsion loyihalarni olib kelib mahalliy hamkorlarimiz bilan birgalikda bo‘sh turgan yer maydonlaridan samarali foydalanish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishni rejalashtiryapmiz.

Tadbirkorga Qo‘shrabot, Nurobod, Payariq, Kattaqo‘rg‘on, Past Darg‘om tumanlaridagi lalmi yerlardan loyihani amalga oshirish uchun maqbul maydonlar tavsiya qilindi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov tadbirkorlar bilan uchrashuvda har bir taklifni o‘rganib chiqish lozimligini ta’kidlab, investorlarga tegishli tavsiyalar va mas’ul xodimlarga loyihalarni amalga oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Baxtiyor MUSTANOV.