Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylovlarga qancha xalqaro kuzatuvchi keladi? Ularning faoliyatida qanday huquqiy asos bor?

Viloyat Yoshlar markazida davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar va xorijiy ommaviy ommaviy axborot vositalari bilan ishlarni muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi a’zolari uchun seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar Markaziy saylov komissiyasining loyihaviy faoliyati doirasida YeXHT O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori ofisi bilan hamkorlikda saylov sohasidagi ekspertlar ishtirokida tashkil qilindi.

Tadbir avvalida Markaziy saylov komissiyasi vakili Farhod Nasriddinov O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining asosiy tushunchalari, kuzatuvchilarni ro‘yxatga olish tartibi, ularning huquq va majburiyatlari, shuningdek, hududiy boshqaruv organlarining saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishdagi o‘rni haqida atroflicha ma’lumot berdi.

- Parlament va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tadigan saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarni, ovoz berish jarayonini yurtimizda faoliyat yuritayotgan siyosiy partiyalarning, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, ko‘plab xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlarning vakillari, jurnalistlar bevosita kuzatib boradi, - deydi F.Nasriddinov. – Birgina YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 300 nafarga yaqin vakili kuzatib borishi kutilmoqda. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini o‘z ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar saylov kuni biriktirilgan tumanlarda ovoz berishni kuzatadi.

Seminar davomida YeXHT ekspertlari saylovlarni tashkil qilish va o‘tkazishning xalqaro standartlari, normativ huquqiy baza xususida ham tushunchalar berishdi.

Kunning ikkinchi yarmida nima uchun saylovlar kuzatilishi, xalqaro kuzatuvchilarning saylovlarni adolatli o‘tkazilishida xalqaro kuzatuvchilarning qanday o‘rni borligi, saylovlarni baholash mezonlari haqida ma’ruzalar tinglandi.

Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga Markaziy saylov komissiyasi vakillari hamda YeXHT ekspertlari tomonidan batafsil javob berildi.

Yo.GADOYeV.