Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sazag‘ondagi shifoxonadan mushuklar “rozi”. “Mehrobod” QVP xodimlari ish vaqtida “qazixona”ga ketganmidi?

Nurobod tumani tibbiyot birlashmasining Sazag‘on hududiy bo‘limi binosi bundan ikki yil avval rekonstruksiya qilinib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalari bilan ta’minlangan. Bu yerda ambulatoriya, 10 o‘rinli tug‘ruq bo‘limi, har biri 5 o‘ringa mo‘ljallangan terapiya va bolalar bo‘limlari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sazag‘on, Saroy va Tepaqul mahallalarining 10 ming nafardan ko‘proq aholisiga xizmat ko‘rsatadigan bu tibbiyot muassasasida 6 nafar shifokor, 28 nafar o‘rta tibbiyot xodimlari ishlab kelmoqda.

Biz bo‘limga kirib borganimizda soat 16:30 bo‘lgan edi. Shifokor va hamshiralar navbatchiligi yo‘lga qo‘yilganiga guvoh bo‘ldik. Shifoxonadagi sharoitlardan bemorlar mamnun. Hudud aholisi bilan suhbatlashganimizda  umumiy amaliyot shifokorlari va patronaj hamshiralar xizmatidan rozi ekanliklarini aytishdi. Bu yaxshi. Ammo shifoxonada ayrim kamchiliklar ham bor ekan. Jumladan, bino tashqaridan qaraganda ijobiy taassurot qoldirsa-da, ichkarida ahvol haminqadar, ichimlik suvi muammosi mavjud. Bo‘lim hovlisidagi suv inshooti ishdan chiqqan. Suvni shifoxonaning kichik tibbiyot xodimlari buloqdan tashib keltirayotganiga guvoh bo‘ldik. Bo‘lim oshxonasi esa antisanitariya holatida. Oshxonada mushuk va uning bolalari bemalol sayr qilib yurgani buning isbotidir.

Sazag‘ondan chiqib, Samarqand tumanidagi “Mehrobod” qishloq vrachlik punktiga yo‘l oldik. Bu payt quyosh botib, qorong‘i tusha boshlagan edi. Punktga kirib borganimizda soat millari 19:09 ni ko‘rsatib turgan edi. Bizni tez tibbiy yordam shoxobchasi xodimlari kutib oldi. Qishloq vrachlik punktida navbatchi shifokor va hamshirani topolmadik. Sog‘liqni saqlash tizimi vakillarining ushbu tibbiyot muassasalarida aholiga tibbiy yordam ko‘rsatish muddati kech soat 20.00 ga qadar uzaytirilgani haqidagi doimiy ma’lumotlari ushbu muassasaga aloqador emasmikan, degan savol tug‘ildi.