Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev 5Gni joriy etishni tezlashtirmoqchi. Bu qanday texnologiya o‘zi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoyda “Huawei” kompaniyasi innovatsiyalar markaziga tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda ham tezroq 5G texnologiyasini joriy etish kerakligini aytgan, deb yozmoqda minbar.uz.

Prezident nazarda tutgan texnologiya nima o‘zi va nega kerak?

5G mobil tarmoqlarning eng oxirgi avlodi bo‘lib, tezligi, ishonchliligi, barqaror ishlashi bilan 4Gdan tubdan farq qiladi.

Bu nega kerak: bugungi kunda mobil tarmoqlarning sifatiga bo‘lgan talab tobora ortib boryapti. Tarmoqlar bilan ishlovchi qurilmalar – qo‘l telefonidan tortib dronlargacha ko‘payib borishi bitta tarmoqqa bir paytda ko‘plab qurilmalarning ulanishi zaruratini paydo qiladi.

Mavjud 4G qurilmalari esa oshib borayotgan talabga javob bermay qolayapti.

5G tarmog‘ida boshqacha turdagi antennalar hisobiga ko‘proq qurilmani ulash mumkin, axborot uzatishda kechikishlarni qisqartiradi va axborotni ancha yuqori tezlikda uzatadi.

5G tarmog‘i 4G tarmog‘idan nimasi bilan farqli:

  • Ma’lumotlarni ancha tez uzatish bilan farqli.5G tarmog‘i yuqori chastotada ishlagani bois 4G tarmog‘iga nisbatan 20 barobar tezroq ishlaydi. Masalan, 4G tarmog‘i soniyasiga 45 Mb ma’lumot uzatsa, 5Gda bu ko‘rsatgich 1 Gbga (nazariyada esa bir necha o‘n gigabitga) chiqadi. Bu yuqori sifatli va katta hajmli bitta filmni unda bir soniyadan ham kamroq vaqtda ko‘chirib olish mumkin degani! Hozir amalda bo‘lgan 4G tarmog‘ida esa bunga taxminan 10 daqiqa vaqt kerak bo‘ladi.
  • Axborot uzatishda kechikishlar ancha qisqaradi. Bu sanoat va haydovchisiz mashinalar uchun ayniqsa muhim. Masalan, 5G tarmog‘iga ulangan haydovchisiz mashina avariyaga uchrasa bu hodisa haqidagi ma’lumot darhol uning ortidan kelayotgan haydovchisiz mashinaga uzatiladi va u to‘xtaydi. Agar bu mashinalar 4Gga ulanganda ikkinchi mashina to‘xtashga ulgurmas edi.
  • Tarmoqqa ko‘proq qurilmalar ulanadi, lekin tezlik barqaror qolaveradi. "Buyumlar interneti" (soatlar, simsiz termostatlar, o‘yin konsollari, xavfsizlik kameralari, "aqlli uy" kabi tizimlar) keyingi 10 yilda geometrik o‘sishi va tarmoqlarga milliardlab gadjetlar ulanishi kutilmoqda. 5G texnologiyasi mana shularning uddasidan chiqishga yordam beradi.

Lekin....

  • 4G tarmoqlari ma’lumotni sekin bo‘lsa-da, ammo uzoqroqqa yetkaza oladi. Bu tarmoqning antennalarini bir-biridan uzoqroq masofaga o‘rnatish mumkin. 5G tarmoqlari uchun esa ko‘proq antenna o‘rnatiladi. Chunki bu tarmoq yaqinroq masofada yaxshiroq ishlaydi. Antennalarning bir-biridan uzoq bo‘lishi aloqada tutilishlarga sabab bo‘lishi mumkin. 
    Shuning uchun 5G texnologiyasi asosan shaharlar, megapolislar uchundir. Ya’ni qurilmalar bir-biriga yaqin bo‘lgan sharoit uchun qulay.

O‘zbekistonda qachon 5G tarmog‘i ishga tushishi mumkin?

Hamma qurilmalar ham 5G tarmog‘iga moslashtirilmagan. Shu bois yangi tarmoqni o‘rnatish foydalanuvchilar uchun ham, xizmat ko‘rsatuvchilar uchun ham ortiqcha sarf-xarajatga sabab bo‘ladi. Xususan, London shahrida bu texnologiyaga o‘tish 9 mlrd dollardan ko‘proq mablag‘ talab qilar ekan. Shu va yuqorida aytib o‘tilgan ba’zi texnologik cheklovlarni hisobga olsak:

  • O‘zbekiston sharoitida – hali 4G ham bir me’yorda ishlamaydigan hududlarda undan-da yuqori texnologiyaning joriy etilishini yaqin orada kutmasak ham bo‘ladi.

Bu texnologiya O‘zbekistonga kirib kelgandan so‘ng ancha vaqt faqatgina Toshkent, Samarqand kabi bir-ikkita katta shaharlar bilan kifoyalanib qolishi mumkin.