Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shveysariyalik tadbirkorlar Paxtachida zamonaviy korxona tashkil etmoqda

Samarqand shahrida viloyat hokimining o‘rinbosari O.Xo‘jayev, viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi mutaxassislari, tadbirkorlar hamda Shveysariyaning "PariSA" kompaniyasi vakillari ishtirokida videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

2019 yil 22-23 noyabr kunlari Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Invest in Samarkand” I xalqaro investitsion forumida viloyat hokimligi hamda "PariSA" korxonasi o‘rtasida memorandum imzolangan, unga ko‘ra shveysariyalik tadbirkorlar tashabbusi bilan Paxtachi tumanida “REGISTON-SHERDOR” xorijiy korxonasi tashkil etilgan edi. Videokonferensiyada ushbu memorandumda kelishilgan yumushlarni amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

- Tashkil etilgan korxonamizda ishlab chiqarilishi rejalashtirilayotgan mahsulotlar sanoat va tog‘-kon sanoati uchun juda zarur vosita sanaladi, - deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “REGISTON-SHERDOR”  xorijiy korxonasi ijrochi direktori Dagar Shukurov. – Loyihaning umumiy qiymati 450 million AQSh dollarini tashkil etadi, 1000 ta yangi ish o‘rni yaratilishi rejalashtirilgan. Shveysariyalik hamkorlarimiz bilan amalga oshirilgan kelishuvga ko‘ra, ular boshlang‘ich moliyalashtirish mablag‘lari uchun 150 ming AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritdi. Tuman hokimligi esa tuman hududidan 80 gektar yer maydoni ajratdi. Iyun oyidan qurilish ishlariga kirishamiz.