Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tojikiston chegara postiga hujum qilganlar IShID jangarilari bo‘lgani aniqlandi

“Ishqobod” chegara postiga hujum qilganlar IShID tarafdorlari bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Tojikiston DMXQ matbuot xizmati ma’lum qildi, deb yozmoqda Sputnik.

Olib borilgan tergov va qo‘lga olingan jangarilarni so‘roq qilish natijasida aniqlanishiga ko‘ra, 6 noyabr oqshom chegara postiga hujum qilgan qurollangan terrorchi guruh 3 noyabr kuni Afg‘onistonning Qal’ai Zol hududidan maxsus buyruq asosida afg‘on-tojik chegarasini noqonuniy kesib o‘tgani aniqlangan.

Hujumda ishtirok etgan barcha terrorchilar IShID a’zolari bo‘lgan va tunda Kubodiyon tumaniga yetib kelishgan va hujum uchun "Ishqobod" chegara postini tanlashgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan tunda 20 nafarga yaqin qurollangan niqobli kishilar Dushanbeda 60 kilometr masofada, o‘zbek-tojik chegara chizig‘ida joylashgan postiga hujum qilib, u yerdan 5 ta avtomat o‘qotar qurolini egallab olishgandi. O‘tkazilgan maxsus operatsiya natijasida ularning 15 nafari yo‘q qilinib, 5 tasi qo‘lga olingan. Ayni damda tergov ishlari olib borilmoqda.