Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

UFC chempioni Toshkentda: Habib  o‘zbek sportchilariga qimmatli maslahatlar berdi

1 dekabr kuni UFC bo‘yicha mutlaq jahon chempioni, taniqli jangchi, rossiyalik Habib Nurmagomedov O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasida bo‘ldi.

Taniqli sportchi dastavval MOQ muzeyini tomosha qilib, o‘zbek sportining shonli tarixi bilan tanishdi.

Shundan so‘ng mehmon ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

– O‘zbekistonlik sportchilarga yirik janglar oldidan to‘g‘ri tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qanday maslahat bergan bo‘lardingiz?

– Aralash jang san’atida bo‘lajak bahsga tayyorgarlik ko‘rishdagi eng yaxshi yo‘l – sparring janglarini to‘g‘ri tashkil qilish. Bunda kerak bo‘ladigan barcha qo‘shimcha inventarlar, sparring raqibni to‘g‘ri tanlash katta ahamiyatga ega. Boisi, bu bo‘lajak jang avvalida jarohat olmaslik kabi salbiy jihatlarning oldini oladi. Shuningdek, ungacha bo‘ladigan voqeliklarda ham o‘zini boshqara olish muhim ahamiyatga ega. Katta janglar oldidan OAV va boshqa tomonlardan tashqi bosim bo‘ladi. Bunda to‘g‘ri yo‘l tanlay olish o‘ta muhim.

– O‘tgan yili mamlakatimizda GFC turniri bo‘lib o‘tgan edi. Kelajakda yana bu kabi turnirlarni tashkil qilish rejasi bormi?

– Albatta, bizda bu borada katta reja bor. Pandemiya sabab bir qator rejalarimiz amalga oshmayapti. Yana bir bor aytib o‘tishim mumkin, O‘zbekistonda aralash jang san’ati rivoji uchun katta imkoniyat bor. Har qanday sportchi jang qilishni orzu qiladigan ulkan sport arenasi, hukumatning qo‘llab-quvvatlashi va boshqa bir qator omillar yetarli. Epidemiologik vaziyat yaxshilansa, albatta, biz muxlislar uchun bunday kechalarni tashkil qilamiz.

– MMAni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish bo‘yicha qanday ish olib borilyapti?

– Albatta, aralash jang san’atining Olimpiya o‘yinlariga kiritilishini ushbu sport vakillarining aksariyat qismi qo‘llab-quvvatlaydi. Parij-2024 uchun kech qolgan bo‘lishimiz mumkin. Biroq 2028 yil Los-Anjelesda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kirish uchun harakat bor.

– O‘zbekistonlik sportchilar uchun xorijlik mutaxassislar bilan yig‘inlar tashkil qilish va tajriba almashish qanchalik foyda beradi?

– Xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlash hamisha o‘z samarasini bergan. O‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari ham yuqori saviyada tashkil qilinsa, albatta, o‘z natijasini ko‘rsatadi. Zalimiz o‘zbekistonlik sportchilar uchun doimo ochiq. Hozir ham bir qator hamyurtlaringiz u yerda o‘z tajribalarini orttirib kelishmoqda.

– Sportdan tashqari qanday xobbingiz bor?

– Ko‘pchilik qatori futbolni alohida kuzatib boraman va qiziqarli o‘yinlarini o‘tkazib yubormaslikka harakat qilaman. Shuningdek, yana bir qator shaxsiy qiziqishlarim bor.

– Jangovar sambo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni hisoblanasiz. Ushbu sport turi bilan shug‘ullanadigan atletlar uchun qanday maslahat bergan bo‘lar edingiz?

– Jangovar sambo aralash jang san’atiga eng yaqin sport hisoblanadi. O‘zim misolimda aytadigan bo‘lsam, ushbu sport MMAga o‘tishimga tramplin vazifasini o‘tab bergan. Dog‘istondan bu yil 2 sambochimiz jahon chempioni bo‘ldi. Avvalo, har qanday holatda ham kuchli raqiblar bilan mashg‘ulot o‘tash katta foyda beradi. Fursatdan foydalanib, sizlarni ham Dog‘istonga taklif qilamiz.

– Terma jamoa vakillari uchun tartib-intizom va kun tartibi qanday ahamiyatga ega? (Ilias Iliadis, dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi)

– Avvalo, o‘z vaqtida uxlash juda katta ahamiyatga ega. Intizom esa maqsadga qarab keladi. Agar o‘z maqsading yo‘lida astoydil harakatda bo‘lsang, intizomga qattiq rioya qilasan. Yengil qarasang, mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborishingga to‘g‘ri keladi. Chempionlikni maqsad qildingmi, boshqa narsalarga chalg‘imasdan, faqat shunga intilishing kerak. Shunday maqsad qo‘ydingmi, jarohat, kezi kelganda, qoqilishlar bo‘ladi. Bularni mardona yengib o‘tish kim ekanligingni ko‘rsatadi.

– O‘zbekistonlik sportchilardan kimlarni kuzatib borasiz?

– Oxirgi Olimpiada va jahon chempionatlarida bokschilaringiz ishtirokini alohida kuzatib bordim. Yekaterinburgdagi JChda Bahodir Jalolov, Olimpiadada yengil vazndagi yigitlaringiz ishtiroki yoqqan. Umuman, o‘zbekistonlik ko‘plab yaxshi sportchilar borligidan xabarim bor. Sportchi uchun qulay sharoit yaratib berilsa, yangi nomlar chiqib kelaveradi. O‘ylaymanki, bu borada mamlakatingizda yaxshigina imkoniyatlar bor. Yaqin kelajakda yanada nomdor sportchilar yetishib chiqishiga ishonaman.

Tadbir yakunida Habib Nurmagomedov o‘zbekistonlik sportchi va mutaxassislar bilan hamkorlikka doimo tayyor ekanligini bildirib, atletlarimizga omad va zafarlar tiladi.