Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgut bozoridagi tartibsizlik: Ko‘cha ko‘chaligini qilsin...

“Urgut dehqon bozori”ning sharqiy tomonidan o‘tgan avtomobil yo‘lida sun’iy tirbandliklar yuzaga kelayotgani haqida ko‘plab shikoyatlar tusha boshladi. Vaziyatni o‘rganish uchun shu ko‘chadan mashinada o‘tishga qaror qildik.

Ahvol murojaatlarda bayon qilinganidan ham battarroq. Gap shundaki, meva-cheva, poliz va sabzavot mahsulotlarini sotuvchilar yo‘lning ikki tomonini egallab olishgan. Ularning ayrimlari hatto yo‘lning ustiga chiqib ketgani, xaridorlarning gavjumligi haydovchilarni mushkul ahvolga solib qo‘ymoqda. Achinarlisi, bu izdihom odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga jiddiy xavf tug‘diryapti.

- Meva-chevalaringizni sal chetga olsangiz, o‘tib ketaylik, - deya iltimos qildik sotuvchilardan biridan.

- Qayoqqa olaman, hamma joy egallanganku?! - e’tiroz bildirdi sotuvchilardan biri.

Bu yerdan bir amallab o‘tgach, sal yurmay, yana to‘siqqa duch keldik.

- Chetroq turing, xola, - deya sotuvchiga yuzlandik. - Shu mahsulotlaringizni bozorda sotsangiz bo‘lmaydimi?

- Ishingiz bo‘lmasin, - o‘dag‘aylab berdi u. - Ko‘chaning xo‘jayinlari rosa ko‘paydi o‘zi. Siz yetmay turgandingiz.

Boshqa sotuvchilar ham uning gapini ma’qullab, g‘ala-g‘ovur ko‘tarishdi.

- Bozorda bizdaqa dehqonlarga o‘rin yo‘q, - deb luqma tashladi ularning biri.

Aslidachi?

Guvoh bo‘ldikki, “Urgut dehqon bozori”dagi aksariyat rastalar bo‘m-bo‘sh. Pochvon ko‘chasidagi "Saxovat" bozorida ham katta-katta savdo rastalari dehqonning yo‘liga mahtal. Ammo nima uchundir ko‘cha savdogarlari bozorga kirishni hech xohlashmayapti. Ehtimol, ular avtomobil yo‘lini tang qilib, kattaroq foyda ko‘rishar. Ammo ko‘pchilikka noqulaylik tug‘dirayotganliklarini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Har narsaning o‘z vazifasi bor: ko‘cha ko‘chaligini qilsin, bozor bozorligini...

Bozorlar rahbarlari, ichki ishlar, SEOM, soliq inspeksiyasi bo‘limlari mutasaddilaridan ushbu holatga e’tiborliroq bo‘lishlarini so‘raymiz.

Jabbor NABIYeV.