Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Urgutning “yangi bozor”idagi “eski bozor” eslatmalari

Bugungi kunda Urgut tumanidagi “Urgut savdo komleksi” mas’uliyati cheklangan jamiyati butun Respublikamizda dong‘i ketgan yirik savdo markazlaridan biridir. Majmuaga yaqinlashaverish bilan avtomobillarning tarbandligiga duch kelasiz. Obodonlashtirish ishlari ham ko‘ngildagidek emas. Bu ko‘p yillik tarixga ega bo‘lgan Urgut bozorining zamonaviy ko‘rinishi. Bir paytlar tuman markazida joylashgan majmua tirbandliklarga sabab bo‘lavergach markazdan chetroqqa ko‘chirildi. Zamonaviy savdo do‘konlaridan iborat yangi savdo majmuasi bunyod etildi. To‘g‘ri, bozor o‘z nomi bilan bozor, ammo...

Majmua darvozasida esa sizni yana-da ko‘proq tartibsizliklar qarshi oladi. Savdo majmuasining ichki qismida aslida xaridorlarning erkin harakat qilishi, favqulodda vaziyat sodir bo‘lganda qutqaruv mashinalarining, masalan, yong‘in o‘chirish mashinasining bemalol harakatlanishi uchun barpo etilgan eni 8 metrlik markaziy yo‘llar, qolaversa, sektorlar oralig‘idagi eni 6 metrlik yo‘laklar bugungi kunda uddaburon tadbirkorlar tomonidan o‘rnatilgan qo‘lbola peshtaxtalar bilan to‘lib toshgan. Bu yo‘laklarda o‘t o‘chirish mashinasi tugul piyodalar zo‘rg‘a harakatlanadi.

Shuningdek, ayrim tadbirkorlar tomonidan egallangan savdo do‘konlarga o‘zgartishlar kiritilgan. Biri do‘kon ustiga qo‘shimcha imorat qilib o‘zboshimchalik bilan ikki qavatli binoga aylantirib olgan bo‘lsa, boshqasi yerto‘la qazib do‘koni faoliyatini kengaytirishga uringan. Majmua markazida xaridorlar dam olishi va salqin ichimlik ichishi uchun ajratilgan hudud ham achinarli ahvolda. Qurilmay qolgan favvoralar o‘rni chiqindilar bilan to‘la. Muzqaymoq va salqin ichimliklar uchun qurilgan pavilon esa boshqa savdo tovarlari bilan band.

Ana shunaqa, Urgutning “yangi bozor”ida tadbirkorlar va xaridorlarga ko‘plab imoniyatlar yaratilmoqda, yangiliklar talaygina, ammo “eski bozor”ni eslatuvchi  holatlar ham uchrab turadi.

To‘lqin SIDDIQOV.