Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Uyg‘oning, xaloyiq!

Gulistonda “Cobalt” va “Damas” to‘qnashishi oqibatida 5 kishi halok bo‘libdi, deb yozmoqda Xushnudbek.uz.

Menga jamiyatning yo‘l-transport hodisalariga bo‘lgan munosabati doim hayron qoldiradi. Boshqa biror hodisadan onda-sonda 5-6 kishi vafot etsa, katta muhokamalarga sabab bo‘ladi, hamma qayg‘uradi, o‘ksinadi, ko‘ziga yosh oladi, davlatdan motam e’lon qilishni talab etadi. Umuman olganda, bu to‘g‘ri, har bir fojia ortidagi o‘lim bizni xavotirga solishi kerak. Ammo...

Ammo yo‘llarda HAR KUNI (!) shuncha odam vafot etsa, pinagimizni ham buzmaymiz. Oddiy holdek qabul qilamiz buni. O‘qimasdan o‘tib ham ketamiz.

Masalan, 2020 yilning 1-10 yanvar kunlari, ya’ni 10 kun ichida yo‘llardagi halokatlar tufayli 35 kishi hayotdan ko‘z yumgan. Tasavvur qilyapsizmi, 10 kunda 35 kishi!

Aslida Sizu biz yoki farzandlarimiz Qozog‘iston yo‘llarida yoxud metro qurilishida vafot etishi ehtimoli 0,1 foizga teng. Ammo yo‘llarda qaysidir ahmoqning xatosi bilan o‘lib ketishimiz ehtimoli juda yuqori.

Nima uchun mana shunaqa hollarda dod-voy qilmaymiz, mas’ullarni so‘roqqa tutmaymiz, atrofimizdagi odamlarni yo‘llarda o‘pkasini bosib yurishga chaqirmaymiz, qonunlarga bo‘ysunishni o‘zimizdan boshlamaymiz? Nima uchun?!

Boz ustiga yo‘llardagi qoidabuzarlikning videosini ichki ishlar organlariga yuborishni so‘rashsa, ayrim aqllilar o‘zicha buni nomardlik, “stukachlik” deb baholaydi. Ey, o‘rgildim sendaqa marddan! Yo‘lda qoidani buzmasdan yur, birovlarni nomardlikda ayblagandan ko‘ra. Sening “krutoy”ligingni deb, har yili 2 mingdan ortiq yurtdoshimiz halok bo‘lyapti, yana bir necha ming nafari bir umrga nogiron bo‘lib qolyapti. Tag‘in aql o‘rgatganinga o‘lamanmi..?

Hurmatli do‘stlar, yo‘llarda hushyor bo‘ling, qoidalarga amal qiling. O‘zgalarning qonunni bepisandlarcha buzayotganini ko‘rsangiz, hech ikkilanmasdan videosini tegishli organlarga yuboring.

Bu aslo nomardlik emas. Siz bu ishingiz bilan kimningdir hayotini saqlab qolishga hissa qo‘shgan bo‘lishingiz mumkin. Jamoatchilik nazoratini kuchaytirmasak, har kuni qurbonlarimiz soni oshaveradi.

Ertaga o‘sha jasadlar orasida yoki Siz, yoki men ham bo‘lishim mumkin. Tushunyapsizmi shuni?

Alloh har birimizni falokatlardan asrasin. Yo‘llarda halok bo‘lganlarni o‘z rahmatiga olsin, ilohim!