Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Vazirlik ishchi-xodimlarning oylik maoshlarini undirib berdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Piskent tumanida joylashgan “NATURE COTTON” MChJ ishchi-xodimlariga oylik maosh bermayotganligi yuzasidan xabar tarqalgan edi.

Davlat mehnat inspeksiyasi vakillari tomonidan mazkur vaziyat o‘rganib chiqildi.

Aniqlanishicha, ish beruvchi qo‘l ostidagi xodimlarning bir guruhi (2019 yilning dekabr oyida 28 nafar ishchi-xodim, joriy yilning yanvarida esa 13 nafar ishchi-xodim)ga o‘z arizalariga ko‘ra oylik maoshi saqlanmagan holda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasi asosida mehnat ta’tillari bergan.

Shuningdek, 2019 yilning 15 dekabrida Ohangaron shahridagi IIV JIEBB koloniyasi bilan jami 100 nafar ishchi kuchini xizmat ko‘rsatish ishlariga jalb qilish yuzasidan shartnoma tuzilgan  va shu asosda MChJga ishchi kuchi jalb etilgan.

Mazkur vaziyat o‘rganilib, ishchilar, M.Xamraqulova, U.Yuldashev, B.Mo‘minov, A.Shomatovga oylik ish haqlari undirib berildi.

MChJ rahbariga boshqa xodimlarning ham ish haqlarini to‘lab berish va keyinchalik qonun buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida yozma ko‘rsatma kiritildi.

Unga nisbatan ishchilarning ish haqlarini o‘z vaqtida to‘lab bermagani sababli ma’muriy jarimaga tortish choralari ko‘rilmoqda, deb xabar berdi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi matbuot xizmati.