Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyat hokimi Kattaqo‘rg‘on shahridagi 36 ta mahalla raislari bilan alohida suhbatlashdi

Suhbatda har bir mahalla raisi hududida faoliyat ko‘rsatayotgan bino, uning moddiy bazasi bo‘yicha viloyat hokimiga axborot berdi.

Xususan, Qo‘shhovuz MFY raisi S.Negmatov, Noqis mahallasi raisi F.Abdullayev hududni obodonlashtirish, yo‘llarni asfalt qilishda yordam so‘radi. Boshqa mahalla oqsoqollari mavjud muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha fikrlarini bildirishdi.

- Mahalla davlat va jamiyatni bog‘lab turuvchi ko‘prik bo‘lishi lozim, - dedi viloyat hokimi. – Uning raisi esa aholi hayoti bilan bog‘liq barcha masalalarni hal qiluvchi kuch sifatida o‘zini ko‘rsatishi kerak. Mahalla instituti va u tomonidan bajariladigan vakolatlar o‘tmishda Sharq mutafakkirlari – olimlar, davlat va jamoat arboblarining ham e’tiboridan chetda qolmagan. Xususan, Muhammad al-Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalar asarlarida adolatli jamiyat va insonning qadr-qimmati ulug‘langan. Jamoa (mahalla) bo‘lib yashash tarzi, ular tomonidan amalga oshirilgan vazifa va vakolatlar qadrlangan.

Uchrashuv so‘nggida har bir mahalla bo‘yicha aniq manzilli reja ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Mahallalar hududini obodonlashtirish, aholiga yordam berish kabi savobli ishlar davom ettiriladi. Bildirilgan fikrlar, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha shahar hokimi G.Alimovaga loyiha-takliflar taqdim etiladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimligi axborot xizmati.