Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Viloyatlarda qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshiradigan o‘quv markazlari tashkil etildi

Qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshiradigan o‘quv markazlari tashkil etildi, deb xabar berdi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy telegram kanali.

Respublikamizning har bir viloyatida bittadan kasb-hunar kolleji negizida qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan o‘quv markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

O‘quv markazlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 31 iyuldagi PQ-4410-qarori (http://lex.uz/docs/4457272) asosida tashkil etildi.

Qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mutaxassislarning malakasini oshiradigan o‘quv markazlarida faoliyat yurituvchi maxsus fan o‘qituvchilari va ishlab chiqarish ta’lim ustalari uchun vazirlik tomonidan shu yilning noyabr oyi so‘nggi o‘n kunligida seminar-trening o‘tkazildi.

Seminar “O‘zagrotexsanoatxolding” AJ, “O‘zagroservis” AJ va uning hududiy MTPlari, “Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “Chirchiq qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi” AJ, “UzKlaas Agro” MChJ, “Lemken Chirchiq” QK MChJ yetakchi mutaxassislari, xorijiy va mahalliy ekspertlar ishtirokida ushbu jamiyatlar ishlab chiqarish va o‘quv bazalarida o‘tkazildi.

Respublika seminari ishtirokchilari maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi. Ular endi o‘z hududlarida qishloq xo‘jaligi kollejlarida tashkil etilgan qishloq xo‘jaligi texnikalariga xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlaydigan va malakasini oshiradigan o‘quv markazlarida o‘qituvchi-trener sifatida faoliyat yuritadi.