Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xodim ish beruvchi tomonidan berilgan barcha topshiriqlarni bajarishi shart(mi?)

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 16 va 17-moddasi talablariga ko‘ra, har bir xodim o‘z mehnati uchun qonun hujjatlarida mehnatga haq to‘lash yagona tarif setkasining birinchi razryadi bo‘yicha belgilanganidan oz bo‘lmagan miqdorda haq olish, o‘zining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish huquqiga egadir. Ish beruvchi esa mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni lozim darajada bajarishni xodimdan talab qilish huquqiga ega.

Mehnat shartnomasi tuzilganidan keyin xodimning ishiga qarab ish haqi olishi uning huquqi bo‘lsa, ish beruvchi tomonidan berilgan vazifalarni bajarish xodimning majburiyati hisoblanadi. Shu o‘rinda savol tug‘ilishi tabiiy – xodim ish beruvchi tomonidan berilgan barcha topshiriqlarni bajarishi shartmi? Albatta yo‘q, faqat mehnat shartnomasida va lavozim yo‘riqnomasida belgilangan ishlarni bajarishi lozim.

Ayrim holatlarda nizolar kelib chiqishiga aynan shu holat, ya’ni ish beruvchi tomonidan xodimga uning lavozimiga oid bo‘lmagan vazifalarning yuklatilishi sabab bo‘lmoqda. Oxiri oqibat ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi ziddiyat ish beruvchining xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishgacha borib yetmoqda.

Masalan, fuqaro Z.X. korxonaga haydovchilikka ishga qabul qilindi. Oradan ma’lum muddat o‘tgandan so‘ng tashkilot Z.X. boshqaruvidagi avtomashinani sotib yuborganligini vaj qilib, unga ish haqi to‘lamay qo‘ygan.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 154-moddasi talabiga ko‘ra, ish beruvchi o‘zining moliyaviy holatidan qat’i nazar, xodimga bajargan ishi uchun haqni belgilangan mehnat haqi shartlariga muvofiq to‘lashi shart. Mehnat shartnomasining taraflari kelishuvi bilan belgilangan mehnat haqi miqdori jamoa shartnomasi yoki kelishuvida o‘rnatilgan miqdordan kam bo‘lishi mumkin emas.

Qonun talablaridan ko‘rinib turibdiki, ish bilan ta’minlash majburiyati ish beruvchiga yuklatilgan. Bunday holda, agar ish hajmi qisqargan bo‘lsa, xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinishi kerak edi.

Feruz Karimov,

fuqarolik ishlari bo‘yicha

Samarqand viloyat sudining

katta mutaxassisi.