Pandemiya va karantin sabab xodimlar va ish beruvchilar tomonidan eng ko‘p berilayotgan savollarga javoblar
Masofaviy ishlashga o‘tkazish tartibi qanday amalga oshiriladi?
- O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi bilan kelishilgan holda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Karantinga oid choralar amal qilish davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i bilan tasdiqlangan hujjat Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami 3228, 28.03.2020 yil).
Mazkur Nizomda karantin davrida ish beruvchi xodimning roziligi bilan uni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishi mumkin.
Qanday toifadagi xodimlar vaqtincha masofaviy ishlash tartibiga o‘tishida imtiyozga ega?
- Birinchi navbatda, homilador ayollar, keksalar, imkoniyati cheklangan shaxslar va surunkali kasalliklarga chalingan xodimlar. Ulardan keyin boshqa xodimlar ham masofaviy ishlash tartibiga o‘tishi mumkin.
Masofadan ishlash deganda nimani tushunamiz?
- Xodimning mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlarini ish beruvchi joylashgan hududdan tashqarida, doimiy ish joyi, hudud yoki ob’yektdan tashqarida bajariladigan ish usulini tushunamiz.
Masofaviy ishlash uchun alohida buyruq chiqarilishi shartmi?
- Albatta, xodimni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazilishi ish beruvchining vaqtinchalik ishga o‘tkazish haqidagi muddati ko‘rsatilgan buyrug‘i bilash rasmiylashtiriladi. Bunday buyruq chiqarish uchun esa mehnat shartnomasiga kiritilgan o‘zgartirishlar asos bo‘ladi.
Xodimning masofaviy ishda ishlagani uchun ta’tilga chiqishiga ta’sir qiladimi?
- Yo‘q, ta’sir qilmaydi. Mazkur ishlash usuliga o‘tkazilgan xodimlarning ta’til jadvaliga muvofiq mehnat ta’tiliga chiqishi, vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqa olishi hamda qonun hujjatlari va jamoa shartnomasida nazarda tutilgan boshqa huquqlari saqlab qolinadi.
Karantin paytida ishga bormasa bo‘ladimi?
- Yo‘q. Faqat tashkilot karantinga yopilgan bo‘lsagina mumkin.
Masofaviy ishga o‘tayotganda mehnat shartlari qanday belgilanadi?
- Masofaviy ishga o‘tkazilganda ish beruvchi va xodim o‘rtasida ilgari tuzilgan mehnat shartnomasiga tegishli o‘zgartirish kiritiladi. Mehnat shartnomasida masofaviy ishlash davridagi mehnat shartlari kelishib olinadi. Bu o‘zgartirishda mehnatning shartlari bilan birga quyidagilar ham ko‘rsatiladi:
- elektron hujjat almashinuvi bo‘yicha o‘zaro aloqa tartibi;
- xodimga ish uchun zarur bo‘lgan jihozlar, texnika vositalaridan foydalanish tartibi;
- xodimni aloqa vositalari bilan ta’minlash. Internet tarmog‘idan foydalanish;
- xodimga ish beruvchi tomonidan berilgan jihozlar buzilganda zararni qoplash bo‘yicha shartlar;
- xodim shaxsiy jihoz, texnika vositalaridan, internetdan foydalanganda xarajatlarni qoplash tartibi;
- xodim va ish beruvchining zaruriy mehnat muhofazasi va mehnat sharoitlariga amal qilish bo‘yicha majburiyatlari;
- ishlab chiqarish zaruriyati tug‘ilganda, xodimni doimiy ishga o‘tkazish shartlari.
Karantin paytida maoshlar qisqaradimi?
- Mehnat kodeksining 156-moddasiga ko‘ra, mehnatga haq to‘lash shartlari qaysi tartibda o‘rnatilgan bo‘lsa, o‘sha tartibda amalga oshiriladi.
Mehnatga haq to‘lashning yakka shartlarini xodim uchun noqulay tomonga o‘zgartirishga uning roziligisiz yo‘l qo‘yilmaydi.
Istisno tariqasida bunday o‘zgartirishga:
- texnologiyada, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishda o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda, basharti, mehnatga haq to‘lashning avvalgi shartlarini saqlab qolish mumkin bo‘lmasa;
- qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda yo‘l qo‘yilishi mumkin.
Bo‘lajak o‘zgartirish haqida xodim kamida ikki oy oldin ogohlantirilishi lozim.
Karantin vaqtida beriladigan nafaqa miqdori qancha?
- Koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan, deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi.
Savollarga Samarqand viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi kengashi bo‘lim mudiri Usmon KARIMOV javob berdi.