“Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” hisobot uchun o‘tkaziladimi?
Kecha harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari hamda ishsiz yoshlarni doimiy ish o‘rinlariga ishga joylashtirishga ko‘maklashish maqsadida viloyat miqyosida “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” tashkil qilindi. Ammo…
“Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi” Samarqand shahridagi Markaziy harbiy okrug ma’naviyat va ma’rifat markazida bo‘lib o‘tdi. Tadbirda barcha tuman, shaharlardan aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari xodimlari va ish beruvchi korxona va tashkilotlar vakillari qatnashdi. Har bir tuman, shahar o‘zlaridagi bo‘sh ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi. Unda korxona, tashkilot nomi, ish o‘rni, kasbi, maoshi ko‘rsatilgan.
Masalan, Oqdaryo tumani 231 ta, Bulung‘ur tumani 160 ta, Urgut tumani 884 ta bo‘sh ish o‘rni bilan qatnashayotgan ekan. Bo‘sh ish o‘rinlari yozilgan taxtada Oqdaryo tumanida 14 ta maktabgacha ta’lim tashkilotiga xoreograf kerak bo‘lib, ular atigi 0,25 shtat birligi uchun ishga olinar ekan. Oliy ma’lumot talab etiladigan ushbu kasbga 400 ming so‘m to‘lanarkan. Eng yuqori oylik maoshi “Agrobank” bo‘limi boshlig‘i lavozimi uchun 4 million so‘m ekan.
Shunisi taajjubliki, tadbir boshlangan bo‘lsa-da, ish beruvchilarning oldida ish so‘rab kelgan yoshlarni ko‘rmadik. Ish beruvchilar ham hali biror talabgorni ishga qabul qilmaganini aytishdi. “Yoshlar hozir majlislar zalida bo‘ladigan brifingda. Keyin bu yerga kelib, bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishadi” deb izoh berdi tadbir tashkilotchilari.
Majlislar zali yoshlar bilan to‘la ekan. Menga yaqin o‘tirgan ayoldan nima maqsadda bu yerga kelganini so‘radim.
- Ikki yildan beri hamshiralik kasbi bo‘yicha ish izlayman, ammo topolmayman, - dedi Past Darg‘om tumani Chortut mahallasida istiqomat qiluvchi Zamira Mahmudova. – Qishlog‘imiz Samarqand shahriga yaqinligi uchun bugungi tadbirda tumandan ham, shahardan ham hamshiralik ishi izladim. Birorta ham hamshiralikka ish o‘rni yo‘q ekan. Ancha yil o‘z sohamda ishlamaganim uchun ikki yil oldin hamshiralik kursida o‘qib, sertifikat olgandim. Sertifikatim muddati uch yil, bir yildan keyin hech qayerga o‘tmaydi.
Majlislar zalida kasb-hunar kurslarida o‘qiyotgan faol yoshlar taqdirlandi. Shundan so‘ng barcha yoshlar “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi”ga taklif qilindi. Dastlab Zamira Mahmudovaning gaplari qanchalik to‘g‘riligini bilish maqsadida Samarqand shahri va Past Darg‘om tumanidagi bo‘sh ish o‘rinlari bilan qiziqdim. Haqiqatan ham birorta hamshiralik kasbi berilgan e’lonni uchratmadim. Samarqand shahridagi shifoxonalardan kelgan vakillar “Bizda hamshiralik o‘rni yo‘q, faqat shifokorlik o‘rni bor” deyishdi.
Bir zumda yarmarkada ishtirok etayotgan yoshlar tadbirdan chiqib, guruh-guruh bo‘lib saflandi va guruh boshlig‘ining ishorasi bilan keta boshladi. Ish beruvchi tashkilotlar ham o‘z ko‘rgazmalarini yig‘ishtirdi. Tadbir nima maqsadda o‘tkazildi, natija nima bo‘ldi – anglamadik.
Endi viloyat bandlik bosh boshqarmasi tomonidan taqdim etilgan ushbu tadbir natijasi haqidagi ma’lumot bilan tanishing:
“O‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasiga 486 nafar fuqaro jalb qilinib, yarmarkada ishtirok etgan ishsiz fuqarolarning 83 nafari (40 nafar yoshlar va 37 nafar xotin-qizlar) ishga joylashdi. Ulardan 10 nafari harbiy xizmatni o‘tab qaytganlar va 11 nafari harbiylarning oila a’zolarini tashkil qildi.
Yarmarkalarda mehnat organlarining malakali mutaxassislari tomonidan 403 nafar fuqaroga talab va ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda O‘zbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risida”gi Qonuni doirasida keng qamrovli tushuntirish va maslahatlar berildi”.
Bizda qachongacha “Bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari” hisobot uchun, nomiga tashkil etiladi?
Xurshida Ernazarova.