Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘yilmaydi

Prezidentimizning 2019 yil 7 martda "Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi.

Unga muvofiq, 2019 yil 1 maydan boshlab yurtimizda ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinadi. Tavsiyaviy xarakterdagi ayollar sog‘lig‘iga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan soha yoki kasblar ro‘yxati tasdiqlanadi. Bola parvarishlash ta’tilining kamida uch oyi ota tomonidan foydalanilgan taqdirda, ota yoki onadan biriga qo‘shimcha bir oy nafaqa to‘lanadigan bola parvarishlash ta’tili beriladi. Ikki yoshga to‘lmagan farzandini tarbiyalovchi ota-onalarning biriga ularning ish paytidagi dam olish va ovqatlanish, bolani ovqatlantirish uchun beriladigan tanaffuslar hisobidan ish beruvchi bilan kelishgan holda kun davomida foydalaniladigan tanaffus vaqtini belgilash huquqi beriladi.

Shuningdek, ayollarning pensiya yoshiga to‘lganligi yoki qonun hujjatlariga muvofiq yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelganligi sababli ular bilan tuzilgan nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga to‘lgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasini muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.

Erkak va ayollar huquqlari tengligining buzilishi bilan bog‘liq ishlarning sudlarda ko‘rib chiqilishida ayollarga advokatlar tomonidan ko‘rsatiladigan yuridik xizmat uchun haq ularning xohishiga ko‘ra davlat hisobidan qoplanadi.

Shuningdek, qaror bilan, nodavlat notijorat tashkilot maqomiga ega bo‘lgan "Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari" tashkil etilishi belgilandi. Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiya tuziladi.

– Oila masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan, oilalarimizning mustahkamligi va farovonligi ta’minlanayotgan bir davrda mazkur qarorning imzolanishi ayollarimiz uchun haqiqiy bayram sovg‘asi bo‘ldi, – deydi "Oila" ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Zebuniso Shodiyeva. – Qaror bilan xotin-qizlarning mehnat va pensiya sohasidagi huquqlari, gender teng­ligini ta’minlash bo‘yicha mutlaqo yangi kafolatlar belgilandi. Ularga o‘z biznesini tashkil etish, biznes g‘oyalarni tayyorlashda yordam berish, uzoq vaqt mobaynida bola tarbiyasi bilan band bo‘lgan og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan ayollarni talab katta bo‘lgan kasblarga qayta tayyorlash uchun ko‘maklashadigan xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etiladigan bo‘ldi. Ularning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun imtiyozli kredit asosida 100 milliard so‘m kredit ajratish belgilandi. Bu mablag‘ning 50 foizi qishloqlarda istiqomat qilayotgan ayollarimizning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishlari uchun yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, "Erkaklar va ayollar uchun teng huquqlar va imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida" hamda "Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonliklardan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunlar ishlab chiqilishi belgilandi.