Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Yurtimizda ilk bor: Oktyabr oyidan boshlab 9 yoshli qizlar OPVga qarshi emlanadi

Bachadon bo‘yni saratoni ayollar salomatligiga jiddiy tahdid soluvchi xastaliklardan biridir. Birgina 2018 yilda ushbu xastalik bilan dunyo miqyosida 570 ming yangi kasallanganlik qayd etilgan. Har yili shu kasallikdan 311 ming nafardan ortiq ayollar vafot etadi. Dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham bachadon bo‘yni saratoni barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida tarqalishi bo‘yicha ko‘krak bezi saratonidan keyingi o‘rinda turadi. Kasalliklardan o‘lim ko‘rsatkichi bo‘yicha esa ushbu xastalik barcha yoshdagi ayollar o‘rtasida ko‘krak bezi va oshqozon bezi saratonidan keyin uchinchi, tug‘ish yoshidagi ayollar o‘rtasida esa ikkinchi o‘rinni egallaydi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili yurtimizda 1600 nafar ayol bachadon bo‘yni saratoni kasalligiga chalinmoqda.

Samarqandda ushbu xastalikni oldini olish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar, xususan milliy emlash kalendariga yangi vaksinaning kiritilishi va uning ahamiyati yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi. YuNISEF, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi hamkorligida o‘tkazilgan anjumanda viloyat sog‘liqni saqlash, xalq ta’limi boshqarmasi, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati, «Oila» ilmiy-amaliy tadqiqot markazi vakillari ishtirok etdi.

- Bachadon bo‘yni saratonini oldini olish borasida sinalgan va samarali strategiya mavjud bo‘lib, bu odam papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash hamda saraton oldi holatlarini skrining qilish va davolash kabilar kiradi, - deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Xursandoy Jamolova. - Milliy emlash kalendariga ko‘ra, mamlakatimizda bolalar davlat byudjeti hisobidan 12 ta boshqariladigan infeksiyalarga qarshi emlanadi. Shuning uchun ham bizda epidemiologik holat barqaror saqlanmoqda. Endilikda OPV ga qarshi vaksinaning joriy qilinishi esa yana bir og‘ir kasallik - bachadon bo‘yni saratonining oldini olishga xizmat qiladi. Yurtimizda 9 yoshli qizlarni rejali emlash shu yilning oktyabr oyidan boshlanadi. Buning natijasida kelajakda har yili 1100 ta kasallanish hamda 600 ga yaqin o‘lim holatlarining kamayishiga erishiladi.

Aytish kerakki, OPVga qarshi emlash kasallikning oldini olish orqali ularning sog‘lom va to‘laqonli hayot kechirishlariga imkon yaratadi. Ayni paytda OPVga qarshi emlash dunyoning 92 davlatida qo‘llanib kelinmoqda. Bachadon bo‘yni saratoni kelib chiqishini kamaytirishda emlashning yuqori samarasi klinik sinovlar davrida, shuningdek, ushbu vaksina uzoq vaqtdan beri qo‘llanilib kelinayotgan AQSh, Avstraliya, Kanada, Daniya, Irlandiya, Shvetsiya kabi davlatlar misolida ko‘ringan.