Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Zamonaviy maktab”lar tashkil etiladi

 “Zamonaviy maktab”larni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori (PQ–4537-son, 26.11.2019 y.) qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali ma’lum qildi.

Qarorga muvofiq ilg‘or arxitektura yechimlari va energiya tejovchi texnologiyalar asosida barpo etiladigan hamda jihozlanadigan, xalqaro talablar asosida sifatli ta’lim-tarbiya berish uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan “Zamonaviy maktab”lar tashkil etiladi.

Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi “Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi” DUK maktablarni “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar asosida baholash bo‘yicha mas’ul tashkilot etib belgilandi.

Shu munosabat bilan unga bir qator qo‘shimcha vazifalar yuklatildi. Jumladan, maktablarni “Zamonaviy maktab”larga qo‘yilgan talablar asosida baholash orqali ularga muvofiqlik sertifikatini berish DUKning vazifalaridan biri hisoblanadi.

2020 yil 1 martdan boshlab davlat maktablarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlash “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash me’yorlari asosida amalga oshiriladi.

Qaror bilan shuningdek, 2020-2022 yillarda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Zamonaviy maktab” talablari asosida yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal ta’mirlash va jihozlashning asosiy parametrlari va manzilli dasturlari tasdiqlandi.