Samarqandda ShHT sammitiga tayyorgarlik ko‘rishda Sindao tajribasi o‘rganiladi

Avval xabar berganimizdek, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshchiligidagi samarqandlik rahbar va tadbirkorlardan iborat delegatsiya shu yilning 6-12 aprel kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Xenan hamda Shandun provinsiyalarida bo‘ldi.

Viloyatimiz vakillari tashrif davomida 2018 yilda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlari sammitiga mezbonlik qilgan Sindao shahrida ham bo‘ldi.

Sammitni o‘tkazish ishlarini amalga oshirish uchun tayyogarlik ko‘rish ob’yekti ko‘zdan kechirildi. Unda davlat rahbarlarining uchrashuvlari o‘tkazilgan barcha ob’yektlarning maketlari, dasturiy ta’minoti, infrastrukturasi va sxemalari joylashtirilgan. Shuningdek, vakillarimiz sammitning asosiy binolari bilan ham tanishdi.

Sindao shahri merining o‘rinbosari Syue Singo bilan o‘tkazilgan uchrashuvda 2022 yilda Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti davlat rahbarlarining navbatdagi sammitini yuqori saviyada tashkil etish uchun hamkorlik qilish, shuningdek, Samarqand va Sindao shaharlarining turistik imkoniyatlaridan samarali foydalanish maqsadida charter reyslarni amalga oshirish hamda ushbu shaharlarning birodarlashuv bitimini tuzishga kelishib olindi.